Madhiya matni muallifi mangulikka mezon

El-yurtini sevgan, uning taraqqiyoti va farovonligi uchun sidqidildan xizmat qilgan farzandlarni tarix ham siylaydi. Xalqimizning tinch, to‘kin va barqaror hayoti, yorug‘ kelajagi yo‘lida kurashgan insonlar nomi haqli ravishda abadiyatga daxldordir. Bugun institutning "Yer resurslarini boshqarish" fakultetining bir guruh professor-o‘qituvchilari va iqtidorli talaba-yoshlari Adiblar xiyobonida o‘zbek xalqining buyuk adibi Abdulla Oripov siymosi aks etgan haykal qoshida jam bo‘lishdi.

 

El sevgan adib, O‘zbekiston qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Davlat madhiyasi matnining muallifi Abdulla Oripov ijodiy va hayotiy faoliyatini yana bir bor yod etishdi.Tadbirda so‘zga chiqqanlar Abdulla Oripovning hozirgi o‘zbek adabiyoti va zamonaviy tarjimashunoslik rivojiga qo‘shgan hissasi haqida so‘zladilar. Shuningdek, tadbirda Abdulla Oripov she’riyatida ruh ozodligi talqini, uning jonkuyar va g‘amxo‘r ustozligi, badiiy va publitsistik asarlarini alohida e’tirof etdilar. Fakultet dekani Sh.Narbaev shoir ijodida uyg‘unlashgan hayot va odamlar, jamiyat va tabiat haqidagi badiiy talqin va shoirning yuksak kamolotidan darak berganini ta’kidladi. U ona obrazinimi, birinchi muhabbatga sodiq lirik qahramon obrazini yaratadimi, O‘zbekiston haqida kuylaydimi, olam va odamlar haqida she’r to‘qiydimi, hamma-hamma o‘rinda hayot haqiqati bilan badiiy haqiqatga sodiq qoladi. Uning she’rlarida falsafiy mushohadalar tobora chuqur tus olayotganligi seziladi. Abdulla Oripov — noyob iste’dod egasi. Chuqur falsafiyliklik, milliy g‘urur, isyonkor ruh, diniy-axloqiy teranlik shoir she’riyati asoslarini tashkil etadi. O‘zbek xalqining milliy uyg‘onishi, hurfikrlilik va mustaqillik uchun kurash yo‘lida Abdulla Oripov shaxsi va o‘tkir she’riyati misli ko‘rilmagan o‘rin tutganini qayd etib o‘tish joiz.

 

Ayniqsa, O‘zbekiston Davlat madhiyasi matnining muallifi sifatida kecha maktabga chiqqan bolajonlar ham so‘zni Abdulla Oripov she’ri, Mutal Burxonov musiqasi deb aytishadi.Uning asarlari o‘zbek she’riyatini hamon boyitmoqda. Tadbirda qatnashchilari Abdulla Oripov ijodiga mansub, bahor va Vatanimiz go‘zalligini tarannum etuvchi she’rlardan talaba-yoshlarimiz hamda jajji bolajonlarimiz namunalar o‘qidilar. Atoqli shoir, Abdulla Oripov – o‘zbek shoiri va jamoat arbobi. Abdulla Oripov ijodi zamonaviy o‘zbek adabiyotining yorqin sahifalaridan birini namoyon etdi,- deydi - "Yerdan foydalanish" kafedrasi mudiri A.Bobojonov. Darxaqiqat uning she’rlarida insonning chuqur ruhiy dunyosi va xalq tarixi tahlil etilgan desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Muhtaram prezidentimiz tashabbuslari bilan yurtimizga juda katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Bu o‘zgarishlardan biri bu mana shunday go‘zal Adiblar xiyobonidir. Bugun bu go‘zal maskanga nafaqat Abdulla Oripovni siymosi aks etgan haykal qoshida, yana bir qator atoqli shoirimiz xususan, Erkin Vohidov, G‘ofur G‘ulom, Said Axmad, Muhammad Yusuf kabi shoirlarimiz ham ziyorat qilishdi. bu go‘zal maskanga yig‘ilishimizdan maqsad, shoirlarimizni ijodiy merosini yosh avlodga Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda o‘ziga xos maktab ekanini yana bir bor ta’kidlashdan iboratdir.

YeRB fakulteti Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovini Hurriyat Eshova axboroti

TIQXMMI matbuot xizmati