Magistrantlar talabalar turar joyida nimalar bilan mashg‘ul?
Aynan shu savol bugun talabalar turar joyiga tashrif buyurgan yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor R.Choriev va barcha fakultetlar dekanlarining diqqat markazida bo‘ldi.
Ma’lumki, institutimiz talabalar turar joylari joriy o‘quv yili boshida yangidan ta’mirlanib foydalanishga topshirilgan bo‘lib, talabalarning unda yashash va o‘zlarining o‘quv-ilmiy ishlarini davom ettirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo qilingan.
Muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan yoshlarning ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘yicha besh muhim tashabbus doirasida 4-sonli TTJda ham tizimli ravishda bir qancha ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Jumladan, 40 ga yaqin magistr talabalar ham 4-sonli TTJda yaratilgan barcha imkoniyatlardan to‘liq va samarali foydalanib kelishmoqda. Ularning o‘z faoliyatlarini olib borishi, bo‘sh vaqtlaridan samarali foydalanishlari uchun yaxshi sharoitlar yaratilgan. Ulardan, zamonaviy kompyuterlar bilan jihozlangan xonada ArcGIS, AutoCAD, masofadan zontlash, 3DMax kabi dasturlar o‘rnatilgan bo‘lib magistrantlar bu dasturlardan to‘liq foydalanib kelishmoqda. Bundan tashqari, ingliz tilida IELTS sertifikatiga ega talabalar o‘z tengdoshlariga chet tili kurslarini tashkil etib o‘quv mashg‘ulotlarini olib borishmoqda. Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor R.Choriev va barcha fakultetlar dekanlari kompyuter xonasida bo‘lib magistrantlar ishlatayotgan kompyuter dasturlari va ingliz tili kursi bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berishdi va suhbat ilmiy tadqiqot natijalarini kompyuter dasturlarida ifodalash, ularni chet el nufuzli ilmiy jurnallarida chop etish haqidagi bahslarga ulanib ketdi.
Shuningdek, maishiy sharoitlar ham namunali tarzda tashkil etilgan. Tashrif davomida ustozlarimiz namunali xonalarni ham ko‘zdan kechirib, barcha sharoitlarni o‘rganib chiqishdi. O‘rganish natijalariga ko‘ra 5 ta eng namunali deb topilgan xonalarga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Magistratura bo‘limi nomidan Shohruh Azizov axboroti
Institut matbuot xizmati rahbari R.Jumaniyozov