An’analar bardavom
Ustoz va murabbiylar jamiyat binosining binokorlari, maʼrifat bog‘ining bog‘bonlaridir. Ular hayot bo‘stonidagi niholning baquvvat daraxtga aylanishi uchun beqiyos mehnat qiladi. Ustoz shogirdinig zimiston dunyosini ilm quyoshining mo‘jizakor ziyosi bilan munavvar etadi. Ustozlar maʼnaviyat osmonida musaffo ziyo taratib turgan yo‘lchi yulduzdirlar, ular tufayli odamlar to‘g‘ri yo‘lni topadilar, ularning sharofati bilan jaholat zulmatlaridan yorug‘likka yetishadilar.
Avval xabar berganimizdek Gidromelioratsiya fakultetining “Gidromeliorativ tizimlardan foydalanish” kafedrasiga qarashli “Suv xo‘jaligida innovatsion texnologiyalar va ulardan foydalanish” ta’lim yo‘nalishi 307-guruh faol talabalari guruh murabbiyi boshchiligida o‘quvchilar uchun qiziqarli ochiq darslar tashkil etish maqsadida maktablarga tashrif uyushtirishni boshlab, kelgusida bu faoliyatni an’anaga aylantirishga kelishib olgandilar.
16-mart kuni 84-umumiy o‘rta ta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun galdagi ochiq dars tashkil etildi. O‘tkazilgan ochiq dars o‘quvchilar tomonidan tanlangan “Yerda suvning paydo bo‘lishi” mavzusida bo‘lib o‘tdi. Mavzuni faol talabalar o‘zlari tomonidan tayyorlangan ma’lumotlar asosida tushuntirib, mavzuga doir rasmlar, videoroliklar va multfilmlar asosida ochib berdilar. Guruh murabbiyi Sanobar Do‘stnazarova mavzu yuzasidan umumiy xulosalar berib, o‘quvchilarning tashkil etib kelinayotgan ochiq darslar haqida fikrlari bilan qiziqdi. Kelgusida bo‘lib o‘tadigan darsga qadar o‘quvchilar o‘zlarining suvni tejashga qo‘shgan xissalarini sinfning maxsus daftariga yozib borishlariga va eng faol o‘quvchilar rag‘batlantirilishiga kelishib olindi.
Talabalar tomonidan o‘quvchilar uchun sovg‘a tariqasida olib borilgan kitoblar jamlanmasi sinf kutubxonasiga topshirildi. Dars yakunida esa maktabning ma’naviy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti rahbariyati va professor-o‘qituvchilar jamoasiga atalgan maktab direktori va ota-onalar kengashining maxsus Tashakkurnomasini talabalarga topshirdi. Kelgusida institut va maktab o‘rtasidagi ushbu hamkorlik bardavomligini yanada mustahkamlash maqsadida o‘quvchilarning ham institutga tashrifini tashkil etish rejalashtirildi.
Gidromelioratsiya fakulteti 307-guruh talabasi Azizbek Hasanov axboroti
TIQXMMI matbuot xizmati