Xoxay universitetidagi magistrantlarimiz bilan masofaviy muloqot

Ilmning qaerda va qachon olinishi emas, balki uning qanday va qay darajada egallanishi mohiyatli. Taʼlim tizimida ham rivojlangan xorijiy davlatlar bilan hamkorliklar taraqqiyotimizga zamin boʼlar ekan, bu masala doimiy diqqat eʼtiborimizda boʼlishi ham ahamiyatli. Joriy yilning 16 iyunь kuni oʼtkazilgan Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʼjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti rahbariyati, professor-oʼqituvchilari, iqtidorli talabalari va institutning bugungi kunda Xitoyning Xoxay universitetida magistratura bosqichida taxsil olayotgan bitiruvchilari oʼrtasidagi onlayn muloqot xuddi shu maqsadi bilan eʼtiborga molik boʼldi.

“ZOOM” platformasi orqali oʼtkazilgan masofaviy muloqotda institutimiz rektori Oʼ.Umurzakov rahbarligida prorektorlar, fakulьtet dekanlari, professor-oʼqituvchilar va bitiruvchi kurs iqtidorli talabalari vakillari, Xitoyning Xoxay universitetida magistratura bosqichida tahsil olayotgan bitiruvchilaridan 8 nafari, jami 100ga yaqin ishtirokchilar qatnashishdi. Suhbat chogʼida xorijda tahsil olayotgan bitiruvchilarning hayoti va oʼqish holati va sharoitlari bilan tanishildi. Talabalarning Pandemiya sharoitidagi oʼqish va yashashda ijobiy tajribalari bilan almashish, targʼib etish oʼzaro manfaatli hamkorlik va qoʼllab-quvvatlash ishlarini amalga oshirish maqsadida tashkil etilgan ushbu onlayn forumda Xalqaro hamkorlik boʼyicha prorektor, texnika fanlari doktori, professor Аbduhakim Salohiddinov moderatorlik qildi.

Institutimiz rektori, professor Umurzakov Oʼktam Pardaevich oʼzlarining kirish soʼzida hamkorlik samarasi amaliy natijalar bilan belgilanishini taʼkidlab xorijda tahsil olayotgan talabalarning oʼqish va yashash sharoitiga oid muammolar bilan qiziqib, ularga qanday yordam kerak boʼlsa, institut rahbariyati doim tayyor ekanligini uqtirib oʼtdi. Soʼngra moderator Xitoyda tahsil olayotgan, pandemiya sabab bugun oʼz vatanida boʼlgan magistrlarga soʼz navbatini berdi. Xoxay universiteti Hydrology and Water resources mutaxassisligi 2-kurs magistranti Karimboev Feruzbek dastlab barcha talabalarni tanishtirdi va soʼngra oʼz tajribasi haqida gapirib berdi.

Burxonov Bekzod va Ergashev Jamshid Xoxay universiteti Hydrology and Water resources mutaxassisligi boʼyicha 2-kurs magistrantlari sifatida oʼqish jarayoni va talabning yuqori ekanligi, barcha talabalar dars mashgʼulotlariga masʼuliyat bilan qarashi borasida toʼlqinlanib soʼzlashdi. Soʼngra Xoxay universiteti Public management mutaxassisligining 2-kurs magistranti Safaev Аkbarbek, Agricultural Engineering mutaxassisligining 2-kurs magistranti Masharipov Umidbeklar tahsil paytida har ikkala davlatning hamkorlikdagi ishonchi, manfaati va sharafi boʼlish tuygʼusi doimo qalblaridan kechmagani borasida soʼzladilar. Shuningdek, Xoxay universiteti Hydrology and Water resources mutaxassisligi 1-kurs magistranti Yoʼldoshev Аbbos, Public management mutaxassisligi 1-kurs magistranti Xayrullaev Zoidjonlar oʼqishni muvaffaqiyatli tugatib, oʼz sohaviy yoʼnalishi boʼyicha ilmiy ishlarni davom ettirib, barcha reja va natijalarini oʼz vatani manfaati yoʼlida amalga oshirish niyatida ekanliklarini aytib oʼtdilar. Oʼzaro savol-javoblardan shu narsa maʼlum boʼldiki, institutimizda tahsil olayotgan boshqa talabalarga ham orzu, istak, boshqacha aytganda, motivatsiya boʼlgani sir emas. Rektorimiz ularga talab va ishonch yoʼsinida quyidagi mazmundagi fikrlari bilan yoʼl-yoʼriq va maslahatlar berdilar.

Bugungi kun talabi faqat oʼqish va oʼqitishgina emas, balki qoʼllash, taʼlim tajribalarini amalda ishlata olishdir. Bu esa magistratura taʼlimiga bevosita daxldor boʼlishi kerak. Bunga aslida, bakalavriat tizimidayoq eʼtiborni qaratish kerak. Barcha fanlar qatori matematika faniga koʼproq eʼtibor qaratish zarur, Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni busiz tasavvur qilib boʼlmaydi. Oʼtgan haftada muhtaram Prezidentimiz OʼzFАning yangi Matematika institutining ochilishida "Kechagi dars berish uslubi bilan matematikani jadal rivojlantirib boʼlmaydi. Shu bois avval amalda yaxshi natija bergan xorijiy metodika asosida taʼlim dasturlari yaratib, oʼqituvchilarni qayta tayyorlash zarur. Metodika shunday boʼlishi kerakki, u bolalarda matematikaga muhabbat uygʼotsin. Buning uchun oʼquvchilar bu fan hayotda, har bir sohada oʼziga kerakligini anglashi zarur. Yoshlar imtihondan oʼtish uchun emas, bilimli mutaxassis boʼlish uchun oʼqishi lozim, – deb taʼkidlaganlari bejiz emas.

Demak, amaliy matematikaga, har xil sohalardagi modellashtirish masalalariga eʼtibor qaratishimiz kerak. Umuman aytganda, injener yoki iqtisodchi matematikasiz oʼz kasbining chinakam egasi boʼla olmaydi, ilmiy xodim ham boʼla olmaydi. Yigitlarimiz bu gʼoyani yaxshi tushunadilar. Publikatsiya masalasi jiddiy masala ularning supervayzeri maʼlum bir natija olgandan keyin tezlikda eʼlon qilish kerak. Shuning uchun bu ishni davom ettirish kerak ularning hammualliflikda boʼlgani ham maʼqul. Jamshid aytib oʼtganidek, institutdagi ayrim oʼqituvchilar bilan aloqada boʼlinayotgani, maslahatli ish tutilayotganligi ham maqsadga muvofiq. Publikatsiyaga qayta - qayta eʼtibor qaratayotganimiz boisi mamlakatimiz taraqqiyotini nazarda tutgan holda, vataningizdami, yo xorijda boʼlsin, albatta, doktorlik dissertatsiyalaringizni himoya qilishga kirishishingiz kerak, bu bizning xohishimiz va talabimiz ham, - dedi institutimiz rektori Xitoyda tahsilda boʼlgan magistrantlarga. Institutga qaytib oʼqituvchilarni saviyasini koʼtarish, tajribalarni almashish uchun siz singarilar yanada koʼpayishi kerak, - deya taʼkidlab, qanday muammolar boʼlsa, biz albatta, bartaraf etamiz, doimiy aloqadamiz, deb ularga ishonch bildirdilar. Karantin tugagach, albatta, Xitoyda oʼqishlarini yana muvaffaqiyatli davom ettirishlariga tilak bildirdilar.

Pandemiya sharoitida onlayn tizim ancha foydali boʼlgani, muhim rol oʼynagani aniq, lekin yuzma-yuz turib dars olish va dars berishning mazmun-mohiyati baribir boʼlakcha. Ilm-maʼrifatning rivoji harakatimiz, maqsad va faoliyatimizning mayogʼi boʼlishi kerak. Moderator professor Аbduhakim Salohiddinov onlayn forumni yakunlay turib ishtirokchilarga samimiy tilaklarini bildirdilar va bunday yoʼsindagi masofaviy muloqotlarni bundan keyin ham tez-tez tashkil etib turish zarurligini taʼkidladilar.

TIQXMMI matbuot xizmati