OTMlarning global raqobatbardoshligini oshirishga bag‘ishlangan vebinar
Bugun, 17 iyun kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Respublika oliy ta’lim kengashi, «Elsevier» kompaniyasi, O‘zbekistonning Belgiya Qirolligidagi elchixonasi hamkorligida «O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining zamonaviy sharoitda global raqobatbardoshligini oshirish yo‘llari» mavzusida vebinar o‘tkazildi.
Vebinarda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda «Elsevier» kompaniyasi o‘rtasida o‘zbek olimlarining nashr faolligini oshirish, OTMni xalqaro universitetlar reytingiga kiritish, ularning ilmiy jurnallari sifatini oshirish va nufuzli ilmiy-texnik ma’lumotlar bazalariga kiritish yuzasidan hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Vebinarda O‘zbekistonning Belgiya Qirolligidagi elchixonasi Favqulodda va muxtor elchisi D.Xakimov, Respublika oliy ta’lim kengashi raisi, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti rektori O‘.Umurzakov, «Elsevier» kompaniyasi vitse-prezidenti Feliks Xaesit, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari U.Begimkulov, OTMlar rektorlari, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlari ishtirok etdi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va «Elsevier» kompaniyasi o‘rtasi imzolangan bitimga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalari ilmiy-tadqiqot faoliyatini «SciVal» platformasi orqali tahlil qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Mazkur tahliliy platformadan Global innovatsiyalar indeksi (The Global Innovation Index), TNE, QS va boshqa reytinglarda davlatlarning ilmiy-texnik salohiyatini baholashda foydalaniladi.