Nazariyalar amaliyotda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida suv resurslaridan samarali foydalanish va yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2020-yil 11-avgustdagi PQ-4801-sonli qarori, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirining 2020-yil 18-avgustdagi 424-sonli buyrug’ida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida institutning “Gidromeliorativ ishlarni mexanizatsiyalash” va “Gidrotexnika qurilishi” fakultetlari 3-bosqich talabalari professor-o’qituvchilar bilan birgalikda 14-iyun kuni Sirdaryo viloyati, Oqoltin tumaniga yetib kelgan edilar. Mana uch kundirki talabalar hamjihatlikda suv xo’jaligi obektlariga qatnab, mutaxassislar ko’magida o’z malakalarini oshirmoqdalar.
Ayniqsa, magistral kanaldagi suv sarfi va tezligini zamonaviy DOPLER qurilmasida va an’anaviy usullarda o’lchab taqqoslash jarayonlari qizg’in kechdi. Bunda “Gidrotexnika qurilishi” fakulteti talabalariga kanal sig’imi, oqim tezligi, suv o’tqazish qobiliyati kabi parametrlar e’tiborli bo’lsa, Gidromeliorativ ishlarni mexanizatsiyalash talabalari uchun ushbu qurilma suv osti cho’kindilari miqdorini ekranda aniq ko’rsata olishi muhim bo’ldi. Fakultetlar 3 kun davomida umumiy suv xo’jaligi obektlarida amaliyot o’tasalar, qolgan kunlari mutaxassislik bo’yicha hududlariga ishchi reja bo’yicha bo’linishga kelishib olindi. Ertaga, aniqrog’i 17 iyun sanasida Sardoba suv omboriga tashrifni talabalar intiqlik bilan kutishmoqda. Amaliyot davom etadi…
Gidromeliorativ ishlarni mexanizatsiyalash kafedrasi ass. I.Turdibekov ma’lumoti
TIQXMMI matbuot xizmati