TIQXMMIda respublikada birinchi bo‘lib bakalavr bitiruvchisiga QR kodli V № 00000001 raqamli elektron diplom berildi

Ta’limning muayayn bosqichlarining yakuniga yetishi va bitiruv imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirish yelkadan tog‘ ag‘darilgandek taassurot uyg‘otishi tabiiy. Bitiruv oqshomi esa yanada mohiyatli bo‘ladi. Tinimsiz izlanish, axborot resurs markazlari, kutubxonalarda kitob mutolaa qilish, oraliq, joriy va yakuniy nazoratlarni muvaffaqiyatli topshirish borasida o‘tgan bedor tunlar bir zum unutilgandek bo‘ladi, go‘yo. Aslida, bu saboq bergan ustozlar va umid ko‘zi bilan qaragan ota-ona oldidagi ishonchning yangi bosqichiga tayyorgarlikdir. Akademik shoirimiz G‘afur G‘ulom aytganlaridek, "Bilib qo‘yki, seni vatan kutadi". Ilm olish va tahsil ko‘rish uchun barcha sharoitlarni yaratib bergan ona vatan, hukumatimiz va davlat rahbari oldidagi majburiyat burchini ado etishga hozirlik ko‘rishdir. Endilikda, vatan menga nima berdi savolidan ko‘ra, men vatanimga nima berdim degan savol orqali o‘ziga nisbatan mas’uliyat hissini tuyish zaruriyati ko‘ndalang turadi. Olddagi maqsad - kimdir tahsilni yuqori bosqichlarda davom ettirib ilm qilishni afzal bilsa, kimlardir o‘z sohasi, kasbi bo‘yicha mehnat jabhasiga yo‘l oladi. Bakalavriat va magistratura bosqichi bitiruvchilarining bugungi kuni ular hayotida bir umrga muhrlanib qolishi, shubhasiz.

Sohamiz va kasbimizning muhimligi va dolzarbligini kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi farmonidan ham bilishimiz mumkin. 11 ta banddan iborat bo‘lgan ushbu farmonda so‘nggi yillarda yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish, suv xo‘jaligi ob’ektlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlanib kelgusida yana qanday ishlar amalga oshirish kerakligi mufassal tarzda ifodalab berilgani sir emas. Vaziyatga muvofiq tarzda, pandemiya sharoitidan kelib chiqqan holda, Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida o‘tkazilgan “Bitiruvchi — 2020” onlayn tadbirida ham ana shu yuqori kayfiyat, ko‘tarinki ruh hukmronlik qildi.

2019-2020 o‘quv yilida institut bitiruvchilari uchun tashkil etilgan onlayn tadbirda barcha bitiruvchilar qatori ularning ota-onalari ham kuzatib borishdi. “Bitiruvchi — 2020” onlayn tadbiri ZOOM platformasi orqali amalga oshirildi. 17 iyul kuni soat 11.00.da boshlangan Onlayn-tadbirga Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor R.Choriev moderatorlik qildi. So‘ngra R. Choriev tadbirni ocha turib, bitiruvchilarni tabriklashlari uchun institut rektoriga so‘z berdi. Rektor, professor Umurzakov O‘ktam Pardaevich mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan barcha bitiruvchilarni samimiy tabrikladi. Bakalavr diplomining yangi shakli QR kodli diplom berish yo‘lga qo‘yilgani va respublikada birinchi bo‘lib QR kodli V № 00000001 raqamli diplom institutimiz bitiruvchisiga berilgani quvonch bilan e’tirof etildi.

Ish beruvchi tashkilotlar nomidan O‘zbekiston Respublikasi “Davergeodezkadastr” Qo‘mitasi raisi Turaxujaev Xabibullo Sobirjanovich, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulov, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Vohidjon Ahmadjonov, “O‘zsuvqurilish” Aksiyadorlik Jamiyati boshqaruvi raisi Umarov Rustam Roziqovichlar o‘zlarining tabriklarini izhor qila turib, bugungi kunda jahoshumul muammoga aylangan suv masalasi nihoyatda dolzarbligi bitiruvchilarimizning ham zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklashini e’tirof etishdi. Shuningdek, ish beruvchi boshqa tashkilotlar nomidan “Gidroproekt” Aksiyadorlik jamiyati direktori Ahmedov Alibek Ilxamovich, O‘zdaverloyiha Davlat Ilmiy Loyiha Instituti Bosh direktori Ruxiddin Turaevlar kasb mas’uliyati va soha majburiyati xususida so‘z yuritib, barcha bitiruvchilarni chindildan olqishladilar. Ularning ta’lim bergan ustozlariga va tarbiyalab voyaga yetkazgan ota-onalariga minnatdorchilik bildirib kuch-quvvat va sog‘lik tiladilar. Ayniqsa, tadbirda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, iste’dodli shoir Bobur Bobomurodning bitiruvchilarga atalgan bag‘ishlov she’rlaridan o‘qib berishi davraga fayz qo‘shdi.

So‘ngra tadbir davomida Magistratura bosqichi bitiruvchilari nomidan "O‘zbekiston belgisi" ko‘krak nishoni sovrindori A.Berdimurodov, Bakalavr bosqichi bitiruvchilari nomidan Olima Otaxonova, Yodgora Razzoqova, Ma’ruf Baratovlarning tabriklari va minnatdorlik izhorlari yangradi. Onlayn tadbirimizni zavq va qandaydir ichki g‘urur va faxr bilan tomosha qilib o‘tirgan bitiruvchilarning ota-onalariga ham navbat yetdi. Farzandlariga tahsil davrida ta’limiy va tarbiyaviy mehrini bergan professor o‘qituvchilarga, xususan institut nufuzini kuchli dunyo universitetlari darajasiga ko‘tarishda faol bo‘lgan institut rektoriga samimiy dil istaklarini bildirdilar. Yuqori saviya va uyushqoqlik bilan tashkil etilgan "Bitiruvchi- 2020" onlayn tadbirga Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor R. Choriev barchaga o‘z minnatdorchiligini bildirib yakun yasadi.

TIQXMMI matbuot xizmati