Mintaqaviy doiradagi hamkorlik
Tabiat talabi jamiyat ehtiyoji demakdir. Suv resurslaridan oqilona foydalanish, atrof muhitning tozaligi va ekologiya masalalari global muammo sifatida dunyo aholisining diqqat markazida turgani rost. Bu masalaning yechimi xalqaro hamkorlikning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi bilan bevosita bog‘liq. Mintaqaviy doirada olib boriladigan o‘zaro birdamlik aloqalari hamjihatlikka qurilsa, nur ustiga nur. Buning ta’limiy ko‘rinishi esa har qachongidan ham muhim.
2018 yil 16 noyabr kuni institutimizga Yevropa Ittifoqi komissiyasi ekspertlari K. Le Dyuk, X. Abdul Rasul, K. Shalayevalar tashrif buyurdilar. Mazkur uchrashuvda institut rektori i.d.f.,prof. U.Umurzakov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor t.f.d T.Sultanov, “Ekologiya va suv resurslaridan foydalanish” kafedrasi mudiri prof. A. Saloxiddinov, EkoGAT markazi rahbari prof. A. Pulatov va Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i I. Abduraxmanovlar ishtirok etishdi.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad Afg‘oniston davlati bilan mintaqaviy doirada hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Yevropa Ittifoqi loyihasi doirasida Afg‘on ayollarini qishloq xo‘jaligi sektorida faoliyat yuritishlari uchun ularni TIQXMMIda yangi innovatsion metodlar orqali magistratura mutaxassisligida tahsil olishlarini yo‘lga qo‘yish va uni mexanizmini ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuv davomida mehmonlar institutimizda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, o‘quv laboratoriyalari hamda axborot resurs markazi bilan tanishdilar. Uchrashuv so‘ngida mehmonlarga institut rahbariyati tomonidan esdalik sovg‘alari taqdim qilindi.
Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i I.Abduraxmanov
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov