NASA dan ajoyib xush habar!
Joriy yilning 12 fevral kuni Amerika kosmik agentligi NASA, butun internetni larzaga soladigan sur`atni o`z rasmiy saytiga joylashtirdi.
Xitoy va Hindiston so'ngi yillarda sodir bo'layotgan ko'kalamzorlashtirish harakatida asosiy yetakchi kuchlarga aylandi. Shu jumladan Xitoy sayyoramizning so'nggi 17 yil ichida global o'simliklar o'sishining kamida 25 foizlik ulushini o`zida aks ettirdi. Butun dunyoda sodir bo'layotgan voqealarni hisobga olsak, bu juda ajoyib yangilik!
11 fevral kuni Britaniyaning "Nature" jurnali Boston universiteti tadqiqotchilari tomonidan NASA sun'iy yo'ldoshlari yordamida 2000 dan 2017 yilgacha to'plangan batafsil ma'lumotni chop etdi. Bu maqolada keltirilgan ma`lumot esa juda kutilmagan edi.
Maqolaga ko`ra, oxirgi 20 yil ichida sayyoramizdagi global ko`kalamzorlashish 5 foizga oshib, bu esa yana bir Amazon tropik o`rmoni maydoniga teng hudud ekanligini ko`rsatardi. Bundan ham ajablanarlisi (va shubhasiz) Xitoy va Hindiston ushbu global o'zgarishlarda yetakchi ro`l o`ynashlari edi.
Boston universiteti tadqiqotchilari fikriga ko`ra, Xitoy va Hindiston birgalikda, yerdagi umumiy quruqlik maydonining faqatgina 9 foizini egallasalarda ammo global ko`kalamzorlashishning uchdan bir qismi uchun mas'uldir.
Tadqiqot ma'lumotlariga ko'ra, Xitoyda yangi yashil maydonning 42% i o'rmonzorlardan, 32 foizi qishloq xo'jaligidan, Hindiston yangi yashil maydonlari asosan qishloq xo'jaligidan kelib chiqqan bo'lib, jami 82 foizni tashkil qiladi.
1970 va 1980-yillarda Xitoy va Hindistonda vegetatsiya zaiflashdi, biroq 1990-yillarda ikki mamlakat o'zlarining sa'y-harakatlarini o'sib borayotgan ekologik muammolarga javoban kuchaytirgandan keyin vaziyat yaxshilandi.
Ayni damda o`zim Xitoy Xalq Respublikasida taxsil olayotganligim sababli, hozirda guvoh bo`layotganim, Xitoydagi ko`kalamzorlashish harakatiga jamiyat ishtiroki haqida yozmoqchiman.
Bugungi kunga kelib, Xitoyda sanoatning jadal rivojlanishi atrof-muhitga o`z aks-tasirini ko`rsatgan. Buning natijasida insonlarda o`pka-nafas olish organlaridagi kasallik turlari ko`payib, hukumat va aholining jiddiy muommosiga aylangan. Aholi imkoniyati darajasida atrof-muhitni yaxshilanishida o`z xissasini qo`shmoqda. Ko'pchilik turli ko'kalamzorlashtirish kompaniyalarida faol ishtirok etmoqda. Kompaniyalar taklif va o`z dasturlari bilan tashabbus ko`rsatishmoqda va o`z o`rnida bu tashabbuslar hukumat tomonidan qo`llab-quvvatlanmoqda. Mana shunday tashabbuslardan biri "Ant-Forest" dasturidir. Bu dastur Alipay ilovasida tezlik bilan ommabop xususiyatga aylandi. Hozirgi kunga kelib, dastur foydalanuvchilari soni 300 mln kishini tashkil etadi. Bu O`zbekiston aholisidan deyarli 10 barobar ko`p deganidir. Dastur bo`yicha qo`shimcha ma`lumotni bu yerdan bilib olishingiz mumkin.
Dastur foydalanuvchilari ma`lum shaxs, tashkilotlar yoki jamiyat tomonidan atmosferaga chiqarilayotgan korbanat angidrid gazini kamaytirish va uning o`rniga atrof-muhitga zarar keltirmaydigan (zararli gazlar chiqaradigan mashinalar o`rniga ko`proq piyoda yurish va jamoat transportlaridan foydalanish kabi) tashabbuslarni qo`llab-quvvatlash bo`yicha davo qilishlari mumkin.
Ularning fikrlari, keyinchalik o'zlarining virtual ko`chatlarini sug`orish uchun virtual suvga almashtiriladi. Ya`ni davo qilayotganlarning fikrlari virtual ko`chatlari uchun suv vazifasini bajaradi. Ko`chatlar virtual daraxtlarga aylantirilgach, hukumat va dastur tashkilotchilari tomonidan har bir to`liq o`stirilgan virtual bir daraxt uchun haqiqiy bir daraxt ekiladi. Va o`sha daraxtga foydalanuvchi ismi beriladi. Bu dasturning natijasida 2018 yil may oyining oxiriga kelib, 55 milliondan ziyod daraxt ekilgan! Shunday qilib, bugungi kunda atmosferasi eng yomon deb tilga olinadigan Xitoy sayyoramiz yashilligini taminlab berayotgani haqiqatdir.
Meni etiborimni tortgani esa O`zbekiston hududidagi yashil nuqtachalar bo`ldi. Tashabbuslarni qo`llab-quvvatlash va ekologik muhitimizni yaxshilash o`z qo`limizda.
“The power of one person may seem small, but if you do it, it will affect a lot of people around you”.
Jamshid Ergashev Hohai universiteti magistranti