Mirzo boburga bag‘ishlangan ma’rifiy dastur

Diyor firoqi, unga talpinish hissi Bobur mirzoning bedor tunlariga bois bo‘lganini anglash mumkin. Yurtning noz-u ne’matlarini ko‘zga to‘tiyo, misoli mehrigiyo deb bilgan Andijondan keltirilgan qovunni yeya turib ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lgan shohlik va shoirlik qismatini boshidan kechirgan Mirzo Boburning hayoti va ijodiyoti qaysidir ma’noda ibrat va saboqdir. Bu yil 538 yilligini nishonlar ekanmiz, Bobur Mirzoning qoldirgan adabiy merosini sinchiklab o‘rganishimiz uning ruhini shod etish barobarida ahamiyatlidir.

Institutimizda o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir xuddi shu sanaga bag‘ishlandi. Tadbir oldidan "Qishloq va suv xo‘jaligi elektr ta’minoti" fakultetining professor o‘qituvchilari hamda talabalari ishtirokida "Adiblar xiyoboni"da o‘tkazilgan ma’rifiy kechaning videoroliki namoyish etildi. Prezident stipendiati 2-kurs talabasi Dilmurod Akbarovning Bobur g‘azalidan va o‘zi yozgan ulug‘ shoirga bag‘ishlov she’rining o‘qib berishi ayricha zavq baxsh etdi. So‘ngra O‘zDSMI talaba va o‘qituvchilaridan tarkib topgan "Sayqal" ijodiy dastasi xonandalarining chiqishlari namoyish etildi.

Bobur siymosini teleserialda gavdalantirgan O‘zbekiston xalq artisti Muhammadali Abduqunduzovning chiqishi davraga fayz baxsh etdi. U Boburning iztirobu kechinmalari aks etgan monolog orqali shoh va shoirning hayotiga oid ma’lumotlarni ta’sirchan yetkaza oldi.Tadbirda fakultet talaba yoshlari ijrosida qo‘shiq va raqslar ham hammaga birdek ma’qul keldi.

Ma’naviy tadbirning jozibali tarzda o‘tishi fakultet dekani va yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari hamda boshqa mutasaddilarning tashabbuskorligi, tashkilotchiligining samarasi desak o‘rinli bo‘ladi.

                

  TIQXMMI matbuot xizmati