Ilk bor dissertatsiya himoyasisiz falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi TIQXMMIda ximoya qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2017-yil 31-maydagi 239/4-son qarori bilan tasdiqlangan “Ilmiy darajalar berish tartibi to‘g‘risida NIZOM” ning 1-bob 5-bandiga mufoviq, muhim ilmiy yangiliklar olgan va impakt-faktori tegishli darajada yuqori va ro‘yxat bo‘yicha xalqaro tizimga kirgan ilmiy jurnallarda kamida 6 ta ilmiy maqola chop ettirgan mutaxassisga eksperiment tariqasida dissertatsiya himoyasisiz falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish mumkinligi qayd etilgan. Ushbu talabni Respublikada birinchilardan bo‘lib Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muxandislari institutida 08.00.04-Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti ixtisosligining 2-yil tayanch doktoranti Salaxodjaev Raufxon Farxodxonovich i.f.d., professor O‘.P.Umurzakovning ilmiy rahbarligida bajardi.
Yosh olim R.F.Salaxodjaev TIQXMMI huzuridagi DSc.03/30.01.2020.I.10.03 raqamli ilmiy kengashning 2021-yil 17-fevraldagi majlisida dissertatsiya ximoyasisiz falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun «Qishloq xo‘jaligida tabiiy-iqlim resurslarini boshqarish va ulardan oqilona foydalanishda inson va ijtimoiy kapitalning roli» mavzusidagi tayyorlagan avtoreferati taqdimotini o‘tkazdi. Ilmiy darajaga talabgor o‘zining taqdimotida tadqiqot natijalari bo‘yicha ijtimoiy va inson kapitali omillarining tabiiy-iqlim o‘zgarishiga ta’sirini baholash asosida qishloq xo‘jaligida resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish va ekotizimlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqqan. Jumladan:
-ilk bor ijtimoiy kapital (“sabrlilik”, “individualizm”, “milliy ishonch”) va o‘rmon maydonlari hajmining o‘zgarishi o‘rtasidagi barqaror ijobiy o‘zaro bog‘liqlik nazariy va empirik jihatdan asoslab berilgan;
-inson kapitali, YaIM, demokratlashuv, urbanizatsiya, iqtisodiyot tuzilmasining o‘zgarishi va globallashuv ta’sirini hisobga olgan holda o‘rmon resurslarining o‘zgarishi omillarini izohlovchi ekonometrik model taklif etilgan;
-inson kapitali, inson salomatligi va ekotizimning barqarorligini belgilab beruvchi omillar aniqlangan;
-demografik yuklama va globallashuv bo‘yicha qishloq xo‘jaligida tabiiy resurslardan foydalanishni maqbullashtirishning ssenariy variantlari ishlab chiqilgan.
Tadqiqot natijalarining ilmiy ahamiyati global iqlim o‘zgarishlari sharoitida qishloq xo‘jaligida tabiiy-iqlim resurslarini samarali boshqarishning iqtisodiy-ekologik jihatlarining asoslanganligi, inson va ijtimoiy kapitalning tabiiy-iqlim resurslariga ta’sir darajasini baholash metodikasini takomillashtirilganligidan, amaliy ahamiyati kognitiv qobiliyatlar va ekologik qadriyatlarning o‘zaro aloqadorligi asosida o‘rmon resurslarini samarali boshqarish hamda ekologik bilimlarni oshirishga, tabiiy-iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan maxsus konsepsiyalar, maqsadli dasturlar ishlab chiqishga xizmat qiladi. Ilmiy ishlar natijalari bo‘yicha Scopus va Web of Science ilg‘or ilmiy jurnallarida 8 ta ilmiy maqola nashr etilgan.
TIQXMMI matbuot markazi