Sayyor dars mashg‘uloti

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining “Oliy ta’lim muassasalarida dars mashg‘ulotlarini mavzular bo‘yicha joylarda sayyor o‘tkazilishini ta’minlash to‘g‘risida”gi buyrug‘iga asosan, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Qarshi filialida bir qator fanlardan dars mashg‘ulotlarining samarali tashkil etilishi uchun belgilangan joylarda o‘tkazilishi an’anaga aylangan. Jumladan, "Umumtexnik fanlari" kafedrasi assistenti Feruz Tursunov boshchiligida “Suv xo‘jaligi va melioratsiya” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi 2-kurs 206-guruh talabalarga tanishuv amaliyotidan “Tomchilatib sug‘orish” mavzusidagi dars mashg‘uloti Qashqadaryo viloyati "Amu-Qashqadaryo" Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasida tashkil etildi. Talabalar mavzuga doir nazariy ma’lumotlarini sayyor dars orqali yanada chuqur anglashga muvaffaq bo‘ldilar.

Boshqarma mutaxassislarining ta’kidlashicha, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligining pasayishi, ba’zi hollarda esa boy berilishi suv taqchilligi muammosi bilan bog‘liq. Bu vaziyatni yumshatish uchun sug‘orish tizimida tejamkor texnologiyalarni joriy etish, tomchisi tilloga teng obi-hayotni behuda isrof bo‘lishining oldini olish talab etiladi. Ushbu texnologiyaning afzallik jihati shundaki, mazkur sug‘orish usulida tuproqning namligi va uni yaratish uchun berilayotgan suv miqdori boshqariladi, suv har bir ekinning ma’lum davrdagi ehtiyojiga mos ravishda dala bo‘ylab bir tekisda taqsimlanadi. Ekspertlarning e’tirof etishicha – tomchilatib sug‘orishning afzalligi, eng avvalo, suv resurslarini tejashda namoyon bo‘lishi, unga sug‘orish rejimining o‘ziga xosligi, bug‘lanishning pastligi, obi-hayotning behuda oqib ketmasligi tufayli erishilishi, eng muhimi, tomchilatib sug‘orishda suv o‘simlikka shlanglar vositasida yetkazib berilganligi uchun dala tuprog‘i qotmaydi, natijada qator oralariga ishlov berishga ehtiyoj tug‘ilmaydi.

Tuprog‘i qotmagan maydon esa mavsum oxirida sifatli va oson haydaladi. O‘g‘it suv bilan birga berilganligi bois, o‘g‘itlash uchun texnika ishlatishning zaruriyati yo‘qoladi. Natijada mehnat va yonilg‘i-moylash materiallari tejaladi. Dalada suvchilarning qo‘l mehnati keskin kamayadi - deydi boshqarmaning tomchilatib sug‘orish texnologiyasi bo‘yicha mutaxassisi. Sayyor dars mashg‘ulotlarining ahamiyati shundaki, talaba tinglagan nazariy bilimlarini ko‘rgazmalilik va ko‘rsatmalilik asosida yanada mustahkamlaydi va bunday puxta bilim ularning xotirasida bir umr muhrlanib qoladi.

“Umumtexnik fanlari" kafedrasi assistenti Feruz Tursunov axboroti

TIQXMMI matbuot xizmati