TIQXMMIning Ilmiy-o‘quv markazida “Zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar” poligonining ochilishi

1992 yilda Rio De Janeyroda o‘kazilgan BMTning «Atrof muhit va rivojlanish» konferensiyasida butun jahonda suv resurslari kunini nishonlash taklifi bildirilgan. BMT Bosh assambleyasi 1993 yili 22 fevralida (47/193 sonli) rezolyusiyani imzoladi va 22 mart kunini “Butunjahon suv kuni” deb e’lon qildi. Ushbu kunni nishonlashdan asosiy maqsad, insoniyatni suvdan samarali foydalanish va uni asrash, suv resurslarini kelajak avlodga yaxshi holatda yetkazib berishdan iboratdir. O‘zbekistonda Butunjahon suv kunini mana besh yildirki TIQXMMI, Suv xo‘jaligi vazirligi, Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonning qishloq hududlarida suv resurslarini barqaror boshqarish” dasturi hamda BMT Taraqqiyot dasturining “Texnik salohiyatni mustahkamlash” loyihasi bilan hamkorlikda o‘tkazilib kelinmoqda.

2021 yilda Butunjahon suv kuni «Suv qadri» shiori ostida nishonlanishi belgilandi. Shu munosabat bilan 11-13 mart kunlari asosiy e’tibor yoshlarning e’tiborini suv resurslarini barqaror boshqarishga va ulardan oqilona foydalanishga, suv tanqisligi bilan bog‘liq dolzarb muammolarga, suv inshootlarini asrashga qaratilgan, suv resurslarini boshqarish va mamlakatimizni barqaror rivojlantirish masalalari bo‘yicha institutimiz talabalari o‘rtasida tanlov va munozaralar o‘tkazildi. Tadbirlarning birinchi kuni - 11 martda «Suv qadri» mavzusidagi fotosuratlar ko‘rgazmasi va «Suv muammolarini yechishda raqamli texnologiyalar» mavzusida munozaralar bo‘yicha, ikkinchi kuni - 12 martda «Suv qadri» mavzusidagi g‘oyalar va videoroliklar taqdimoti, uchinchi kuni - 13 martda «Suv xo‘jaligini rivojlantirishdagi innovatsiyalar: g‘oyalar va texnologiyalar» mavzusidagi texno-ko‘rgazmalar bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovlarda talaba va magistrantlarimiz faol ishtirok etdilar.

Butunjahon suv kuni g‘oliblarini taqdirlash 18 mart kuni Toshkent viloyati, O‘rta Chirchiq tumani, Sof oqoltin MFY, TIQXMMI ilmiy-o‘quv markazida Birlashgan millatlar tashkiloti Taraqqiyot dasturining “Texnik salohiyatni mustahkamlash” loyihasi doirasida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti talabalarining amaliyotlarini o‘tashi va yosh olimlarining ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishiga sharoit yaratish maqsadida 4,7 gektar maydonda qurilishi 2019 yilda boshlangan o‘quv-ilmiy poligonning ochilish marosimi bilan birgalikda o‘tkazildi. Mazkur o‘quv-ilmiy poligonning 1 gektar maydonida tomchilatib sug‘orish, 1,5 gektar maydonida yomg‘irlatib sug‘orish, 0,5 gektar maydonida tuproq ostidan sug‘orish tizimlari va ularni suv bilan ta’minlash uchun nasos va o‘g‘itlash sistemasi, yer osti suvlari sathini va tarkibini monitoring qilish uchun lizimetr kompleksi qurildi. Mana shu tizimlardan foydalanish amaliyotlarini o‘tkazishda tadqiqotchilar va talabalarga sharoit yaratish maqsadida 1 qavatli 3 xonadan iborat bino, naves qurilib, stol-stullar, kompyuter jihozlari, konditsionerlar bilan ta’minlandi. Shuningdek, dala sharoitidagi o‘lchovlar uchun 50 dan ortiq tenziometrlar va 1 ta minimeteostansiya institutga taqdim etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirliklari rahbariyati, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti professor – o‘qituvchilari va talabalari, tanlov g‘oliblari, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi, Toshkent viloyati ham O‘rta-Chirchiq tuman hokimiyati, OAV vakillari ishtirok etdilar.

Tadbir davomida tanlovlarda faol ishtirok etgan jami 18 nafar talabalar

1 – o‘rin - institut rektorining “Faxriy yorlig‘i”, 1 300 000 so‘mlik pul mukofoti va Germaniya xalqaro xamkorlik tashkiloti – GIZ ning 1 Terra baytli “Qattiq (Hard) diski,

2 – o‘rin - institut rektorining “Faxriy yorlig‘i”, 1 000 000 so‘mlik pul mukofoti va BMT Taraqqiyot dasturining maxsus “Fleshka”si,

3 – o‘rin sohiblari esa, institut rektorining “Faxriy yorlig‘i”, 700 000 so‘mlik pul mukofoti va BMT Taraqqiyot dasturining maxsus “Fleshka”si bilan taqdirlandilar.