Ta’lim tizimiga tegishli muhim tadbir

Har bir mamlakatning kelajagi yurt istiqboli bo‘lgan yoshlarga va ularga berilayotgan ta’lim-tarbiyaning sifati va samarasiga bog‘liqligi bugungi kunda oynadek ravshan. 16 iyul kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent Davlat texnika universiteti binosida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Abduhakimov Aziz Abduqahhorovich raisligida ta’limdagi islohotlar, ijro, muammo va yechimlar borasida hisobot mazmunidagi tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi vazirlar mahkamasi huzuridagi ta’lim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Ne’matovich Tashkenbaev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Kongratboy Avazembetovich Sharipov, Toshkent davlat Agrar va Texnika universitetlari jamoasi faollari hamda institutimizning professor o‘qituvchilari ishtirok etishdi.

Tadbir oldidan “O‘zbekiston 24” telekanalining sayyor kamerasi tomonidan suratga olingan, uchta ta’lim muassasiga daxldor bo‘lgan videolavha namoyish etildi. Videolavhada ta’lim muassasalarida yaratilgan sharoitlar, yutuq va ayrim nuqsonlar ro‘yi rost o‘z ifodasini topgandi. So‘ngra ta’lim muassasalarining rektorlari bu yilgi ta’lim jarayonining yakuni va kelgusi yil uchun talabalarning ta’lim olishlari uchun yaratilayotgan imkoniyat va ta’mirlash ishlari borasida so‘z yuritishdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 24 may kuni O‘zbekiston Milliy universitetiga tashrifi va shu asosda qabul qilgan qarorlari hamda unda ko‘tarilgan masalalar, xususan oliy ta’lim muassasalari oldiga qo‘yilgan vazifalarning ijrosi borasida fikr almashildi.

Institutimiz rektori tomonidan qilingan ma’ruzada ta’lim jarayonida innovatsion va investitsion faoliyatning samarasi, rivojlangan davlatlarning ta’lim muassasalari bilan olib borilayotgan xalqaro hamkorlik va imzolangan memorandumlar natijalari, katta summa miqdoridagi investitsiya kiritilishi borasida qilinayotgan harakatlar, institutimizda olib borilayotgan keng sur’atdagi qurilish va ta’mirlash ishlari aniq va mufassal ravishda ifoda etildi. Bosh vazir o‘rinbosari institutimizga oid videolavha va rektor ma’ruzasidan beixtiyor ruhlanib harakat va vazifalar samarasi shunday bo‘lishi kerakligini alohida uqtirib minnatdorchilik bildirdi. So‘ngra taklif va istaklarni aytgan professor o‘qituvchilarga o‘z mulohazalarini bildirib ularning takliflariga muvofiq, hal etishning imkoniyatlari borasida tegishli mutasaddi shaxslarga vazifalar yukladi. Takliflar oqimida kamina ham ta’limning sifat va samarasini belgilovchi omil pedagogning kommunikativ kompetensiyasi bilan daxldor ekanini, bu bo‘yicha maxsus 36 soatlik nazariy-amaliy mexanizm borligini e’tirof etdi. Misol tariqasida aytish joizki, Rossiya imperatori Pyotr 1 o‘z vaqtida ta’limga oid shunday farmon qabul qilgan ekan. “Jismonan nosog‘lom va nutqiy nuqsoni bor bo‘lgan kishi garchi yaxshi mutaxassis bo‘lsa ham sinfga kiritilmasin. Chunki, o‘quvchilar taqlidchi va tanqidchi bo‘lishadi, bu esa dars samarasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi”.

Qaysi fandan dars bermasin, qay darajada unvon va yetuk bilimga ega bo‘lmasin, axborot kompyuter texnologiyalarini o‘zlashtirgan bo‘lmasin, pedagog uchun eng avvalo, nutq mahorati, muloqot madaniyati va notiqlik san’atini egallash zarur. Busiz ta’limning ijobiy natijasi, sifati va samarasi haqida gap bo‘lishi ham mumkin emas. Kommunikativ kompetensiya til taktikasini talab etar ekan, uning ikki asosi bor - biri lingvistik, ikkinchisi nutqiy kompetensiya. Ma’naviyatning muhim belgisi savodxonlik bo‘lib, uning ikki qanoti esa og‘zaki va yozma nutq madaniyatini to‘la-to‘kis egallashdir. Shuning uchun ham til taktikasi taraqqiyot strategiyasining ta’sirchan va innovatsion mexanizmi, undan foydalana olish mahorati har bir pedagogning birlamchi vazifasi bo‘lishi kerak. O‘z ustida ishlash so‘z ustida ishlashdan boshlanishini unutmaslik kerak. Bosh vazir o‘rinbosari taklif va fikrimizni tasdiqlay turib, “ayrim talabalardan so‘raganimizda, oraliq va joriy nazorat uchungina darsga kirishga majburmiz, o‘qituvchilarning ko‘pchiligi bizni dars berish usuli bilan qiziqtirmaydi, nutqiy malakasi yo‘q” - deyishganining ko‘p bor guvohi bo‘lganman deya ta’kidladilar. O‘z faniga, mavzuiga qiziqtira olmagan o‘qituvchining talabani izidan ergashtira olishi, aslo, mumkin emas.

Kamina “Pedagogning kommunikativ kompetensiyasi” bo‘yicha 36 soatlik nazariy-amaliy mexanizm borligini aytib, “o‘rtacha o‘qituvchi bayon qiladi, yaxshi o‘qituvchi tushuntiradi, mashhur o‘qituvchi namoyish qiladi, buyuk o‘qituvchi ilhomlantiradi”, - degan Uilyam Uordning fikrini keltirganim zahoti Aziz Abduhakimov eng yaxshi notiq pedagoglarni saralash, o‘qitish, rag‘batlantirish uchun 1 milliard so‘m ajratilishi kerakligini, shu bilan bog‘liq holda, grant yutib olish zaruratini vazifa sifatida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Ulug‘bek Tashkenbaevga zimmasiga yuklab yubordilar.

Tadbir nihoyasida Prezidentimizning 5 tashabbusi borasida qilingan ishlarni yanada takomillashtirish, talabalar yotoqxonalarini sifatli tarzda ta’mirlash, ularni dam olish va turli ma’naviy tadbirlar, to‘garaklarga qiziqtirish uchun sharoitlar yaratish, talabalar o‘zlari tahsil olayotgan ta’lim maskani bilan g‘ururlanishi zarurligini ta’kidlab o‘tdilar. Rektorlar talabalarning yotoqxonalariga borib ko‘rishi, ularning talab va ehtiyojlarini eshitishi, ular uchun sharoitlar yaratib berishlari zarur. Media rejalar qilish, saytlarda tajribali ustozlar bilan suhbat-intervyular uyushtirish kerakligini ham alohida e’tirof etdilar. O‘zbekiston Respublikasi vazirlar mahkamasi huzuridagi ta’lim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Ne’matovich Tashkenbaev zimmasiga yukladilar. Ikki yarim soat davom etgan tadbir davomida professor-o‘qituvchilar o‘z kasb taqozosi nuqtai nazaridan yetarli yo‘l-yo‘riq va ko‘rsatmalarga ega bo‘lishdi.

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov