Hamkorlik samarasi

Bugungi kunda ta’lim bosqichlarining turli pog‘onalari bilim egallash va uni amaliyotga qo‘llash darajalari bilan bog‘liq. Doktorantura ta’limi ilmiy ma’lumot, nazariy qonuniyat va amaliy faoliyatning yuqori darajasi sifatida ahamiyatga molikdir. Yevropa Ittifoqi ko‘magida moliyalashtirilayotgan “DSinGIS: Geoinformatika sohasida doktorantura” loyihasi doirasida ochilgan Geoinformatika ixtisosligi ana shunday mohiyatga ega. Loyihaning asosiy maqsadi – geoaxborot tizim va texnologiyalari orqali O‘zbekistonning barqaror rivojlanishiga ko‘maklashishdan iboratdir.

Joriy yilning 28 iyunidan 5 iyuligacha bo‘lgan muddatda Avstriyaning Zalsburg universitetida hamkor OTMlar koordinatorlari va boshqaruv xodimlari, shuningdek, ilmiy maslahatchilar uchun navbatdagi seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Unda loyihaning O‘zbekistondagi yetakchisi hisoblangan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI) boshchiligida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Samarqand davlat arxitektura va qurilish instituti hamda Toshkent arxitektura va qurilish institutidan jami 17 nafar xodimlar, shuningdek, loyihaning Yevropa Ittifoqidagi hamkor OTMlari vakillari ishtirok etishdi.

Yig‘ilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad loyihada bajarilayotgan ishlarni monitoring qilish, ish paketlaridagi taqsimlangan ishlar hamda vazifalar bo‘yicha hisobot berish, shuningdek, kelgusi davrda qilinadigan ishlar bo‘yicha manzilli rejalar yaratish, ta’lim sifati masalalari (ta’lim sifatini tekshirish, baholash va ta’minlash) hamda ta’lim tizimini xalqarolashtirish masalalarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

Tashrif davomida 2019  yil 29 iyun kuni Zalsburg shahrida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Ishlar boshqarmasi boshlig‘i, professor Baxtiyor Urishevich va Avstriyaning Zalsburg universiteti Geoinformatika (Z_GIS) kafedrasi mudiri, professor Jozef Shtrobl o‘rtasida o‘zaro xalqaro ilmiy akademik anglashuv memorandumi imzolandi. Shuningdek, Leybnis o‘tish davri iqtisodiyoti mamlakatlarida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish instituti (IAMO) bilan ham mazkur loyiha doirasidagi o‘zaro anglashuv memorandumi ham imzolandi. Seminar-trening so‘nggida qatnashchilar tomonidan loyiha va yangi doktorantura dasturini amalga oshirishda boshqaruvni yaxshilash bo‘yicha qator tavsiyalar berildi.

 

EkoGAM markazi tayanch doktoranti Mamanbek Reymov axboroti

Institut Matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov