Ilgʻor xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik
Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutiga Rossiya Federatsiyasining “Rostselmash” kompaniyalar guruhining “Rostselmash” zavodi Bosh direktori Malsev Valeriy Viktorovich va Osiyo boʻyicha mahsulotlar realizatsiyasi departamenti direktori Kolesnikov Andrey Borisovich hamda “Uzagrotexsanoatxolding” AJ boshqaruv raisining ishlab chiqarish boʻyicha oʻrinbosari Xayrullayev Tulqun Asatovichlar tashrif buyurishdi. Tashrif doirasida V.V.Malsev va A.B.Kolesnikovlar institut hamda uning Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash fakulteti oʻquv jarayoni, fakultetdagi kafedralar faoliyati va ularning oʻquv bazasi bilan tanishishdi. Shundan soʻng hurmatli mehmonlarning institut rektori Oʻ. Umurzakov bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi va ular oʻzaro hamkorlik qirralarini muhokama etishdi. Uchrashuv soʻngida “Rostselmash” kompaniyalar guruhi va Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti oʻrtasida oʻzaro hamkorlik kelishuvi imzolandi. Kelishuv doirasida Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti professor-oʻqituvchilarining “Rostselmash” Akademiyasida stajirovka oʻtashlari, Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash fakultetida zamonaviy oʻquv xonasi tashkil etish, “Qishloq xoʻjaligi mashinalari” va “Traktorlar va avtomobillar” kafedralari oʻquv bazasiga gʻalla oʻrish kombayni, traktor va boshqa yangi qishloq xoʻjalik texnikalari va ularning maketlarini berishga kelishib olindi. Tadbir tashkilotchilari sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (Oʻzbekiston Respublikasi), “Rostselmash” kompaniyalar guruhi (Rossiya Federatsiyasi)ning maqsadlari mushtarak.
Institut Matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov