Mutasaddi rahbarlarning yoshlar bilan uchrashuvlari
Talabalarga yoshlarga cheksiz kuch-quvvat, umid va ishonch va ko‘tarinki ruh baxsh etadigan omil bu sohaviy rahbarlarning ular bilan uchrashuvlardir. Yoshlarning dilidagi maqsad va niyatlaridan xabardor bo‘lish, ularni katta-katta ishlarga safarbar etish uchun ana shunday uchrashuvlar juda zarurligini hammamiz yaxshi bilamiz.
Darhaqiqat, o‘sib kelayotgan yoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularni el-yurtimizning fidoyi farzandlari etib tarbiyalash hal qiluvchi ahamiyatga ega. Tahlillarga nazar solar ekanmiz, o‘tgan uch yilda yoshlarga oid davlat siyosatining huquqiy asoslarini mustahkamlash bo‘yicha 43 ta qonun va boshqa me’yoriy hujjatlarni qabul qilinib, 70 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
O‘zbekiston Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi raisi Abdullaev Abdushukur Hamidovichning TIQXMMI geodeziya, geoinformatika, kartografiya, davlat kadastrlari, yer resurslaridan foydalanish yo‘nalishlarida ta’lim olayotgan bakalavr hamda magistr talabalar bilan joriy yilning 18 fevral kuni uchrashuv o‘tkazildi. Tadbirni institutning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori R. K. Choriev boshqarib bordi. Unda " Yer resurslarini boshqarish" fakulteti dekani Sh. Norboev hamda fakultetning talabalari va professor o‘qituvchilari ishtirok etishdi.
Abdullaev Abdushukur Hamidovich o‘z nutqida bugungi kundagi soha bo‘yicha yangiliklar va muammolar borasida atroflicha so‘z yuritdi. U uy - joylarni kadastr qilish zarur bo‘lganda, kabinetda o‘tirgan holda amalga oshirish imkoniyatlari borligini qayd etdi. Aniq va to‘g‘ri o‘lchaydigan optik qurilmalarning mavjudligi, masofadan turib uchar kamera - dronlar orqali o‘lchash masalani ijobiy hal etish mumkinligini ta’kidlab o‘tdi. "Boshqa ta’lim muassasalarida biz bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan, magistrantlarni tayyorlanishiga yordam qilamiz. Asosiy tayanch muassasa sizlarning institutingiz, shunday ekan, sizlardan bizga magistrantlar kelsin, birgalikda ishlaylik",- dedi notiq. Bizning soha bo‘yicha ingliz tilini biladigan yoshlar kam, deb qo‘shib qo‘ydilar. Normativ hujjatlar qotib qolgan dogma emas, zamon va makon talabiga muvofiq uni intellektual salohiyatli yoshlar o‘zgartirishi mumkin. Faqat o‘zgarmaydigan bittagina normativ hujjat bor, bu Qur’oni karimdir, - deb eslatdi notiq.
Shundan so‘ng R. Choriev Respublika Yoshlar ittifoqining mutasaddi rahbarlaridan biri Farhod Omonovga so‘z berdi. U o‘z nutqida Prezidentimizning o‘tgan yili 27 dekabr sanasidagi Muhammad al-Xorazmiy ijod maktabidagi yoshlar bilan uchrashuvlarida aytilgan vazifa va topshiriqlarni yana bir bor eslatib, talabalarimizni Prezident da’vatlariga mos va xos bo‘lishga chaqirdi. Keyin esa tadbir talabalarning savollariga mutasaddilarning aniq va mufassal javoblari bilan bog‘lanib ketdi.
Uchrashuv davomida tizimda o‘z faoliyatini olib borayotgan yoshlarimizning taklif mulohazalari, takliflari qabul qilindi. Ko‘tarinki ruhda o‘tkazilgan bu kabi uchrashuvlar yosh kadrlarga kuch va g‘ayrat, o‘z ishiga shijoat va fidoiylik bag‘ishlashiga shubha yo‘q.
Institut matbuot xizmati rahbari R. Jumaniyozov