Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligi munosabati bilan Adiblar xiyoboniga tashrif

GTQ fakulteti 2 bosqich 5 gurux talabari va guruh murabbiyi Nazariy va qurilish mexanikasi kafedrasi katta o‘qituvchisi  E.Toshmatov bilan Abdulla Oripovning tavalludining 80 yilligi munosabati bilan Adiblar xiyoboniga tashrif buyurishdi. Talabalar tashrif davomida Abdulla Oripovning xayoti va ijodi bilan yaqindan tanishishdi. Abdulla Oripov 1941-yil Qashqadaryo viloyati Kasonsoy tumani Nekuz qishlog‘ida tug‘ilgan. Uning otasi Orifboy Ubaydulla o‘g‘li mahalliy kolxoz vakili bo‘lgan. Oilada sakkiz nafar farzand — to‘rt o‘g‘il, to‘rt qiz bo‘lishgan, Abdulla Oripov o‘g‘illardan eng kenjasi bo‘lgan. 1958 yil o‘rta maktabni oltin medal bilan tamomlab, Abdulla Oripov tahsilni O‘zbekiston Davlat universiteti o‘zbek filologiyasi fakultetining jurnalistika bo‘limida davom ettirgan.

“Qush” nomli o‘zining ilk she’rini Abdulla Oripov universitetda o‘qigan kezlari yozgan. Abdulla Oripovning “Bahor”, “Birinchi muhabbatim”, “Kuz”, “Saraton”, “O‘zbekiston”, “Munojotni tinglab”, “Otello”, “Sarob”, “Dengizga”, “Malomat toshlari”, “Oltin baliqcha”, “Yuzma-yuz”, “Genetika” va boshqa she’rlari — XX asrning ikkinchi yarmi o‘zbek adabiyotining yorqin namunasidir. Abdulla Oripov qalamiga “Jannatga yo‘l” (1978), “Tabib va o‘lim” (1980), “Ranjkom”, “Sohibqiron” (1996) dostonlari mansub. 2000-2001 yillar to‘rt tomlik saylanmasi bo‘lmish Abdulla Oripovning “Sara asarlari” nashrdan chiqqan. Abdulla Oripov 1992 yil 10 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n birinchi sessiyasida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi muallifi.

Abdulla Oripov she’rlarini ona Vataniga bag‘ishlaydi. “Sen bahorni sog‘inmadingmi” she’rida u sevgi va nafosat ila ona diyorining go‘zalligini ifodalaydi:

SEN BAHORNI SOG‘INMADINGMI?
Uyg‘onguvchi bog‘larni kezdim,
Topay dedim qirdan izingni.
Yonog‘ingdan rang olgan dedim —
Lolazorga burdim yuzimni,
Uchratmadim ammo o‘zingni,
— Sen bahorni sog‘inmadingmi?
Uzoqlarda zalvorli tog‘lar
Xayolimni keldilar bosib.
Kechdi qancha intizor chog‘lar,
Vasling menga bo‘lmadi nasib,
Sensiz men ham, bahor ham g‘arib,
— Sen bahorni sog‘inmadingmi?
O‘ngirlarda sakraydi ohu,
Na’matakda sa’va mittijon.
Qorliklardan sipqarilgan suv,
Daralarda uradi javlon.
Nigohimdan faqat sen pinhon,
— Sen bahorni sog‘inmadingmi?
Mana, bugun navro‘zi olam,
Do‘stlarimga gullar tutarman.
Qaylardasan, sevgili erkam...
Qo‘limda gul, seni kutarman,
Umrim bo‘yi chorlab o‘tarman,
— Sen bahorni sog‘inmadingmi?

Abdulla Oripov – o‘zbek shoiri va jamoat arbobi. Abdulla Oripov ijodi zamonaviy o‘zbek adabiyotining yorqin sahifalaridan birini nomoyon etadi. Uning she’rlarida insonning chuqur ruhiy dunyosi va xalq tarixi tahlil etiladi. 1998 yil Abdulla Oripov “O‘zbekiston qahramoni” unvoniga musharraf bo‘lgan.
 

TIQXMMI matbuot xizmati