Institut va maktab hamkorligi taraqqiyot takomili
Bugungi kunda maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim muassasalariga jalb qilish eng dolzarb masala bo‘lib, davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani bejiz emas, albatta. Yoshlarimizning oliy ta’lim olishlari yoki bitiruvchilarni malakali kasb egalari bo‘lib yetishishlari ularga berilayotgan ta’lim sifati, yaratilayotgan shart-sharoitlarga bog‘liqdir. Xususan, bitiruvchilarga oliy ta’lim muassasalari haqida ko‘proq ma’lumotlar berib borish ularning qiziqish va ishtiyoqlarini yanada oshirishi tabiiy. 17-aprel tongida O‘rta Chirchiq tumanida joylashgan 56-maktab tomon yo‘lga chiqqan “Gidromelioratsiya” fakulteti “Gidromeliorativ tizimlardan foydalanish” kafedrasi professor-o‘qituvchilari va iqtidorli talabalari maktab bitiruvchilarini Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutiga o‘qishga jalb etish, ularga institut haqida, ilmiy-ijodiy muhit, yaratilgan shart-sharoitlar xususida atroflicha ma’lumotlar berishni maqsad qilishgan edi.
Dastlab, “Gidromeliorativ tizimlardan foydalanish” kafedrasi mudiri, texnika fanlari doktori, professor Sherov Anvar G‘ulomovich bitiruvchilarga institut haqida, fakultet va kafedra tarixi, bugungi kunda erishilayotgan yutuqlar, institutning Respublika va Xalqaro miqyosdagi obro‘si haqida so‘z yuritdi. Tashrif buyurgan kafedraning professor-o‘qituvchilari B.Amanov, S.G‘ulomov, S.Do‘stnazarova, M.Muxammadiyevalar va kafedraning iqtidorli talabalari “Suv xo‘jaligida innovatsion texnologiyalar va ulardan foydalanish” ta’lim yo‘nalishi 307-guruh talabalari A.Hasanov, O.Abduvaliyev, J.Muxtorov, M.Mahamadaminovlarni o‘quvchilarga tanishtirib, navbatni iqtidorli talabalarga berdi.
Talabalardan Azizbek Hasanov institut haqida, 3-bosqichga qadar guruhning va o‘zining erishgan shaxsiy yutuqlari, institut tomonidan ilmiy va ijodiy ishlar bilan shug‘ullanishi uchun talabalarga yaratilgan imkoniyatlar haqida so‘zlab, taqdimot qildi. Otabek Abduvaliyev esa institutda yaratilgan ijodiy muhit, quvnoqlar va zukkolar “Targ‘ibot” jamoasi hamda bu jamoa a’zosi bo‘lish uchun bosib o‘tgan yo‘li bilan o‘rtoqlashdi. Iqtidorli talabalardan Jahongir Muxtorov va Ma’ruf Mahamadaminovlar “Tomorqadan samarali foydalanish” mavzusida o‘zlari ishlab chiqqan innovatsion ishlanma bilan o‘quvchilarni tanishtirib o‘tdilar.
Kafedraning professor-o‘qituvchilari aytib o‘tilgan ma’lumotlarga qo‘shimchalar qilib, bitiruvchilarni institutga tayyorlash uchun qo‘shimcha mashg‘ulotlar tashkil etish borasida fikrlar bildirib, maktab kutubxonasini boyitish maqsadida olib borilgan kitoblar jamlanmasini maktab direktoriga topshirishdi. Uchrashuv yakuni savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi.
“Gidromeliorativ tizimlardan foydalanish” kafedrasi assistenti S.Do‘stnazarova axboroti
TIQXMMI matbuot xizmati