Aql ko'pga yetkazar, hunar – ko'kka.
Joriy yilning 16-aprel kuni 3 – TTJ YERB fakulteti talaba qizlari bilan institut psixologi M.K. Muxamedova “Hunar bo'lsa qo'lingda, non topilar yo'lingda” mavzuida tadbir o'tkazdi. Tadbirda qo'l mehnati va uning psixologik tomonlari haqida so'z yuritildi.
Har qanday qo'l mehnati: to'qish, tikish, biserdan gul yasash, kashta tikish, zargarlik va shu kabi hunarlar ayol psixikasi uchun juda muhim ahamiyat kasb etadi. Bir xil harakatlarning amalga oshirilishi tinchlanishga, miyaning dam olishiga yordam beradi. Harakatlarning qaytarilishi ruhiyatda ijobiy o'zgarishlarga olib keladi. Aynan, yurak ritmi mo''tadillashadi, mushaklardagi bosim darajasi va asab tizimi tinchlanadi. Qo'l ishi insonni meditatsiya holatiga tushishiga sabab bo'ladi.
Inson qandaydir qo'l mehnati bilan shug'ullanganida yaratuvchanlik, sevish, ilhomlanish qobiliyati shakllanadi. Qo'l mehnati ijodiy, nostandart tafakkurni rivojlantiradi, badiiy didni rivojlantiradi. Inson ranglarni, materiallarni bir – biriga moslashtirishni o'rganadi va kreativlik qobiliyati rivojlanadi. Bundan tashqari oila byudjetiga ham foyda keltirishi haqida talaba qizlarga tushuncha berildi. Tadbirda zargarlik kasbi haqida so'z yuritildi va qizlarga namunalar taklif etildi. Barcha ishtirokchilar o'zlari uchun zarur bo'lgan ma'lumotlarni olishdi. Tadbirda YERB fakulteti yoshlar bilan ishlash bo'yicha dekan muovini H.Eshova ham yig'ilish ishtirokchilariga qo'l mehnatining ayollar hayotida tutgan o'rni haqida o'z fikrlarini bildirib o'tdi. Ishtirokchilarning barchasi zargarlik hunarini o'rganishga xohishlari borligini bildirib o'tishdi. Tadbir qizg'in tarzda o'z yakuniga yetdi.
Institut psixologi M.K. Muxamedova ma'lumoti
TIQXMMI matbuot xizmati