Institutimiz xodimi xalqaro forumda ishtirok etdi
Joriy yilning 6-9 avgust kunlari, Qozog‘iston Respublikasining Nur-Sulton hamda Oqmola viloyatlarida bo‘lib o‘tgan Qozog‘istonda yoshlar yili munosabati bilan tashkil etilgan “Burabay Forum: Qozog‘istonda xalqaro hamkorlik” xalqaro yosh olimlar forumi bo‘lib o‘tdi. Forumda Qozog‘iston Respublikasining birinchi Prezidenti-Yelbasы fondining kengashi a’zolari bilan bir qatorda, Qozog‘iston, Armaniston, Belorussiya, Vengriya, Xitoy, Qirg‘iziston, Litva, Rossiya, Tojikiston, Turkiya, O‘zbekiston hamda Ukrainadan tashrif buyurgan 120 dan ziyod yosh olimlar ishtirok etdilar. Mazkur diskussiya ko‘rinishida o‘tgan tadbirda ta’lim sifatini yanada yaxshilash, sog‘liqni saqlash, agrosanoat majmui va turli xil yo‘nalishlarga qaratilgan innovatsion g‘oyalar va takliflar qatnashchilar e’tiboriga taqdim etildi.
6 avgust sanasida Nur-Sulton shahrida joylashgan Nazarbaev fondi binosida, tadbirning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi va unda Qozog‘iston Respublikasining birinchi Prezidenti-Yelbasi fondi direktor vazifasini bajaruvchi Aset Isekeshov, Qozog‘iston Respublikasining birinchi Prezidenti-Yelbasi fondi direktor o‘rinbosari Igor Rogov, Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsion kengashi raisi Qayrat Mami, Qozog‘iston Respublikasi ta’lim va fan vaziri Asxat Aymagambetov, Qozog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Saparxan Omarov hamda 10 ga yaqin vazirlik va agentliklar rahbarlari tadbirga yig‘ilaganlarni mazkur “Burabay forum: Qozog‘istonda xalqaro hamkorlik” xalqaro yosh olimlar forumining tantanali ochilishi bilan qutlashdi.
Tadbirning 2 kuni Qozog‘iston respublikasining Oqmola viloyatida joylashgan Borovoy dam olish maskanida bo‘lib o‘tdi. Quvonarlisi shundaki, institutimizning Xalqaro reyting faoliyatini monitoring qilish bo‘limi boshlig‘i G‘iyosiddinn G‘oziev forumning “XXI asr Agrosanoat majmui: ta’limda innovatsiya” seksiyasida Qozog‘iston, Xitoy, Tojikiston, Rossiya hamda Ukrainadan tashrif buyurgan yosh olimlar bilan bir qatorda o‘zi faoliyat olib borgan ilmiy ish mavzusida taqdimot qildi.
Institut Matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov