"Butunjahon tozalik kuni"ga bag‘ishlandi

Tabiatning musaffoligi uchun kurash o‘zining uzoq tarixi va boy an'analariga ega. Bu tashabbusli harakat ko‘mak, saxovat va hasharning bir ko‘rinishi sifatida ahamiyat kasb etib kelgan. “Hashar – elga yarashar” degan xalq naqli ham ana shu beminnat, beg‘araz ixtiyoriy tashabbusning mevasi. Elimizga xos bag‘rikenglik, o‘zaro hamjihatlik,  turli bayram va sanalar oldidan mahallalar, ko‘chalar va aholi turar joylarini obodonlashtirish ishlari uyushqoqlik va hamjihatlik bilan amalga oshirilishi qadimdan rasm bo‘lgan.

Bugun “Butunjahon tozalik kuni” haqidagi xabarni eshitgani hamonoq Toshkent Irrigasiya va qishloq xo‘jaligining mexanizasiyalash muhandislari institutining ishchi xizmatchilari, professor o‘qituvchilari va ayrim talabalaridan tortib rahbariyatgacha barcha ertalab soat to‘qqizda tayyor bo‘lishdi. Institutning ichki va tashqi hududlarida obodonlashtirish ishlari bilan birgalikda o‘quv dargohining dars xonalari, ma'muriy xonalar, kafedralar, oshxona, axborot-resurs markazi tozalanib tartibga keltirildi. Shuningdek, institutning atrofi va hovlisidagi yashil maydon hududlarida qurib qolgan begona o‘tlar yulib tashlandi. Chor atrofga tartibga keltirildi, daraxtlar oqlandi va qurigan shoxlari kesildi hamda hovlidagi mavjud yong‘in xavfsizligi burchaklari qayta jihozlanib, bo‘yaldi.

Toshkent viloyati ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasining tashabbusi bilan Bo‘stonliq tumanida "Butunjahon tozalik kuni"ga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan aksiyada, hasharda faol qatnashish uchun maxsus avtobusda institutimiz xodimlari, ko‘ngilli talaba yoshlar qatnashish maqsadida jo‘nab ketishdi. O‘zaro yordam va ozodalik xalqimiz tabiati va tiynatiga xos.

Institutimiz tarkibidagi barcha kafedra a'zolari va kafedralarga tegishli bo‘lgan hududlarda ham tozalik ishlari yuqori kayfiyatda, uyushqoqlik bilan olib borildi. Unda o‘quv xonalari, talabalar turar joyi, oshxona, jismoniy madaniyat va sport majmuasi, kafedraning ichki va tashqi hovlisi tozalandi. Kafedralarning ayol-qizlari tomonidan barcha deraza oynalari artilib, saranjom sarishta holatga keltirildi.

Butunjahon tozalik kuni hamjihatlik, obodlik va yaratuvchanlik ayyomi sifatida ham qadrli. Bu jamoaviy ahillik, yakdillik hamda hamjihatlikni ayni paytda do‘stlikning mustahkamlanishiga zamin hozirlaydi.

TIQXMMI matbuot xizmati