So‘zlik - o‘zlik ko‘zgusi

Davlat tili millatning qadri va dardi hisoblanadi. Shuning uchun ham u xalqning boyligi va borlig‘idir. O‘zbekning o‘zligi uning so‘zligidir. O‘zbekiston Respublikasining "Davlat tili haqida"gi qonunining qabul qilinganiga 29 yil to‘lishi munosabati bilan institutimizda ma’naviy tadbir tashkil etildi.

"Ibratli, ijodkor insonlar" ruknida o‘tkazilayotgan tadbirimiz bevosita ana shu mavzuga bag‘ishlandi. Unda yirik tilshunos olim, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Omonulla Madaev ishtirok etdilar. Ustoz o‘zbek tilida qo‘llanadigan so‘zlarning asl ma’nolarini bilmasligimiz bizning fojiamiz deya ta’kidladilar. Insonning o‘z fikrini ifoda etishga mezon bo‘lgan ona tilimizga hurmat masalasini alohida e’tirof etdilar. Erkin Vohidovning “So‘z latofati” kitobini o‘qish o‘rganish nihoyatda zarur ekanini aytib quyidagi fikrlarni bildirdilar.

Amerikalik olima Ilza Sirtautasga bag‘ishlangan Erkin Vohidov she’rini bir o‘qib ko‘raylik.

Termulaman Ilza xonimga,

Ko‘zlarimga ishonmay hayron.

Amriqolik xushro‘y olima

So‘zlar edi o‘zbekcha ravon…

Keling, sizni ona yurt uchun,

Fidolar bir tinglab quvonsin.

Bu quvonchdan lekin bir umr

Judolar ham quvonsin, yonsin…

O‘z elati mehridan dilin,

Yot tutganlar sizni eshitsin.

O‘z yurtida o‘z ona tilin,

Unutganlar sizni eshitsin.

“So‘z durlarin termoqdir ishim” — shoirning qutlug‘ maqsadi, estetik kredosi, butun ijodi — buning isboti.

Erkin Vohidov haqidagi bir risolada “u so‘zni soqqaday o‘ynatadi”, — degan maqtov ibora ishlatilgan. Bu — aslo mubolag‘a emas. Mana, shoirning ikki satri:

Qalbga gar istarsan orom, bo‘l yomon so‘zdan yiroq,

Karvalol ichmoq kerakmas, kar va lol bo‘lmoq kerak.

“Shaxmat abadiydir, she’r ham abadiy” maqolasida Navoiyning “Shah yonin farzin kibi kajlar maqom etmish, netong, Rostrovlar arsadin gar chiqsalar ruhdek qiroq” misralarini shunday teran tahlil etib, tagdor ma’nolarini chaqib beradiki, bu mumtoz she’riyat va qadimiy o‘yindan chuqur xabardor kishininggina qo‘lidan keladi.

Erkin akaning samolyotda to‘qilgan ushbu to‘rtlikiga e’tiborni qaratdilar ustoz:

Safar chog‘i tayyoraning dilbar kelini

Ko‘k yuzini barchamizga taxti Sulaymon qildi.

Lekin e’lon o‘qiganda o‘zbek tilini

Davlat tili bo‘lganiga pushaymon qildi.

Til mavsumiy mavzu emas, u haqda doimo o‘ylash va so‘zlash burchdorlik, yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi bilan bog‘liq. Shuning uchun ham, Alisher Navoiy hazratlari o‘z hikmatlaridan birida “Tilga ixtiyorsiz – elga e’tiborsiz” – degan o‘gitni keltiradi. Bundan shunday mazmun anglashiladiki, tilga munosabat el taqdiriga munosabat bilan bog‘liq. Ustoz Omonulla Madaev bilan bo‘lgan ijodiy muloqot savol javoblar yo‘sinida bo‘lib o‘tdi va barchada yorqin taassurot qoldirdi.

“Gumanitar fanlar” kafedrasining o‘qituvchisi Bahriddin Muqimov axboroti

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov