Jizzaxdagi maktablar faoliyatiga nazar
Bugun maktablarda ta’lim sifatini yanada oshirish, yosh avlodni munosib kamolga yetkazish – umummillat ishiga aylangan. Bu ulug‘vor ishga Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti professor-o‘qituvchilari ham munosib hissa qo‘shmoqdalar. Ayni paytda TIQXMMI “Oliy matematika” kafedrasi mudiri Baxtiyor Xudayarov boshchiligida bir guruh professor-o‘qituvchilari Yangiobod tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri I.Raximov va bo‘lim mudiri V.Xasanovlar bilan hamkorlikda Jizzax viloyati Yangiobod tumani maktablarida o‘quvchilarga turli fanlardan “Mahorat darslari” o‘tmoqdalar.
“Mahorat darslari” va ochiq muloqotlarda o‘g‘il-qizlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda kitobxonlik madaniyatini oshirish, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta tashabbus ijrosi har bir maktabda qay darajada amalga oshgani bilan tanishish va zarurat bo‘lsa, ularni yanada takomillashtirish, o‘quv jarayonlarida ta’lim sifatini yanada yaxshilash, pedagoglarning malakaviy kompetentligini oshirish, jamiyatda muallimlik kasbi nufuzini yanada oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Aytish o‘rinliki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan maktablarni “otaliqqa olish” va ularga har tomonlama ko‘mak berish vazifasi TIQXMMI jamoasi tomonidan shu tariqa bosqichma-bosqich amalga oshirilayotir. Maktablardagi haqiqiy ahvol, ularning moddiy-texnik bazasi va muammolari o‘rganiladi hamda tegishli mutasaddilar bilan birgalikda ularni ijobiy hal etish choralari ko‘riladi. Ikkinchisi, maktab o‘qituvchilari bilan ochiq muloqotlar o‘tkaziladi. Zotan, “Jamiyatda o‘qituvchilarning nufuzini oshirish”, “Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda o‘qituvchilarning o‘rni” kabi mavzularda o‘tkazilgan ochiq muloqotlar asnosida ba’zi masalalar yechimi ham topilmoqda. TIQXMMI professor-o‘qituvchilarining maktablarda “Mahorat darslari” o‘tish va yosh avlodni munosib kamolga yetkazish yo‘lidagi ezgu ishlari izchil davom etaveradi.
“Menejment” kafedrasi assistenti U.Alimov axboroti
Institut matbuot xizmati rahbari R. Jumaniyozov