SERQIRRA FAOLIYAT SOHIBI
Djumaniyazov Rahimboy Matkarimovich 1960 yilning 1 iyulida Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir tumanida tug‘ilgan. Toshkent Davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini imtiyozli diplom bilan tamomlagan. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot institutida katta ilmiy xodim, Toshkent Davlat San’at institutida o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Ma’rifat” studiyasida “Yog‘du” bo‘limi boshlig‘i, O‘zbekiston Milliy universitetining Jurnalistika fakultetida “Televidenie va radioeshittirishlar” kafedrasining mudiri, Toshkent Davlat Madaniyat institutining dotsenti, O‘zbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasining nashri “Vaqt-vremya” gazetasida muxbir va musahhih Toshkent viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutining professori v.b. vazifalarida ishlagan. Hozirda u institutimizda Matbuot kotibi lavozimida ishlaydi. U O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari, Hukumatimiz qaror va farmoyishlarini respublikamiz aholisi o‘rtasida keng targ‘ibot qilish, diniy bag‘rikenglik tamoyillarini aholining keng qatlam vakillariga yetkazish borasida bir qator targ‘ibot ishlarni tashkil etib kelmoqda.
U mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni va Respublikamiz Prezidentining ma’ruzalarining mazmun-mohiyatini keng ommaga targ‘ib etish ishlarini tashkillashtirish va milliy ma’naviyatimizni yanada yuksaltirishda, yoshlarimizni milliy istiqlol ruhida tarbiyalashda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 28 iyuldagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida”gi PQ-3160-sonli qarorini hayotga tadbiq etib borib, ma’naviyatimiz fidoyisi va notiq sifatida alohida obro‘-e’tiborga sazovor bo‘ldi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining Joylarda ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini tashkil etish va turli hukumat tadbirlari asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qonun va qarorlarining mazmun-mohiyatini keng ommaga ta’sirchan shaklda yetkazish bobida e’tiborga molik voiz sifatida, ishchi guruhi rahbari va a’zosi sifatida aholining mafkuraviy barkamolligini ta’minlash, milliy qadriyatlarimizni tiklash hamda ushbu bebaho boyligimizni xalqimizga, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlodga yetkazish borasida bir qator ijobiy ishlarni amalga oshirib kelmoqda. U O‘zbekiston Respublikasi IIV hamda DXX da o‘tkaziladigan ma’naviyat va ma’rifat soatlarining doimiy ma’ruzachisidir. Djumaniyazov Rahimboy Matkarimovich yoshlar bilan ishlashda yetarli tajribaga ega bo‘lgan mutaxassis bo‘lib, o‘z bilimi va salohiyati bilan yosh avlodni komil inson, yuksak ma’naviyatli, madaniyatli, vatanparvar va bilimdon bo‘lib yetishishlarida jamiyat taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda.
U ko‘p yillar mobaynida turkiy xalqlarning qadimiy yozuvlari, o‘tmish madaniyati va folklori bilan shug‘ullanib keladi. Ana shu samarali mehnatning hosilasi sifatida mustaqilligimiz davrida qator ilmiy tadqiqot ishlari yuzaga kelgan. Ayniqsa, uning o‘tmish madaniyatimizning kaliti, sharq tarixining ochqichi bo‘lgan arab alifbosi asosidagi eski o‘zbek yozuvini o‘rgatish borasidagi sa’yi harakatlari tahsinga sazovordir. Televidenie va radio, matbuot va nashriyot orqali uning chiqishlari, qator risola, kitob va o‘quv qo‘llanmalari mohiyat e’tibori bilan qimmatlidir. “O‘qituvchi” nashriyotida ko‘p ming nusxada chop etilgan “Eski o‘zbek yozuvi” kitobining 3 ta nashri hozirgacha gumanitar yo‘nalishidagi o‘quv muassasalarida asosiy darsliklardan biri sifatida o‘qitib kelinadi. Xuddi shu maqsadda yaratilgan “Harflar tilga kirganda”, Turkiy savod” kitoblari esa uning mohir kalligraf, qilqalam xattotligidan tashqari shoirlik iste’dodini ham namoyon etdi. Arab harflarining har biriga she’riy ta’rifu tavsif berish uchun ilmiy va badiiy salohiyat, yetuk san’atkorlik, xattotlik iqtidori zarurligini hamma biladi.
Qadimgi xalq kitoblarini chuqur o‘rganish va tadqiq qilishda davom etib, “Yusufbek va Ahmadbek” dostonining tarixiy asoslari” mavzuida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. “Bobo Ravshan”, “Ibrohim Adham”, “Dili g‘aroyib”, “Sohibqiron Amir Temur”, “Devoni Niyoziy”, “Axtamnoma”, “Tazkirai Laffasiy”, Devoni Xodim”, “Tazkirai “Majmuat ush-shuaroyi Feruz shohiy” kabi O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan 20 ga yaqin nodir qo‘lyozma kitoblarni arab yozuvidan kiril va lotin alifbosiga transliteratsiya qildi. Ularning ayrimlari kitob holida chop etildi.
Buning isboti o‘rnida uning “Xalq dahosining ko‘zgusi”, “Xalq ijodi – haq ijod”, “Dong qozongan doston” nomli kitob va risolalarini ko‘rsatish mumkin. Xalqimiz mustaqillik sharofati bilan 70 yillik iskanjadan qutulgandan keyin suvga chanqagan kimsa kabi uning kitoblarini qo‘lma-qo‘l o‘qib o‘rganishga kirishdi. Yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan avlodning, deyarlik barcha xonadonlarda uning tarixiy merosimizning kaliti hisoblangan “Eski o‘zbek yozuvi” kitobi hanuz ham bor. Hatto, u haqda matbuot nashrlaridan birida “Jumhuriyat muallimi” nomli maqola ham e’lon qilingandi.
Ayniqsa, uning O‘zbekiston televideniesining birinchi kanali orqali efirga uzatila boshlagan “Alifbo saboqlari” mualliflik ko‘rsatuvidagi pedagoglik va boshlovchilik mahorati, o‘ktam ovozi ko‘pchilikni sehrlab qo‘yganligini hech kim inkor etmasa kerak. Uning yanada mashhur va manzur bo‘lishiga sabab esa qadimiy davr, aniqrog‘i, 1300 yillik tariximizni o‘z ichiga olgan arab yozuvi va yangi lotin yozuvini o‘rgatishga qaratilgan “Sirli sandiq” va “Iqtidor” intellektual-televizion o‘yinlari ko‘pchilik muxlislarini lol qoldirib mehrini qozondi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidentining “Milliy g‘oya targ‘iboti va ma’naviy - ma’rifiy ishlarning samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi 451-sonli (25.08.2006 y.) Qarori va shu asosdagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 28 fevraldagi 07/2-80 - sonli “Ta’lim muassasalarida diniy ekstremizm va missionerlikning oldini olish, ijtimoiy – ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish bo‘yicha ChORA-TADBIRLAR REJASI”ning 3 – qism, 16 – bandiga muvofiq Milliy g‘oya va mafkurani talaba-yoshlar ongiga singdirishning samarali texnologiyalarini joriy etish yuzasidan Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, Ichki ishlar vazirligi hamda “IQtidor-ma’rifat” ijodiy guruhi hamkorligida talaba-yoshlarning intellektual qobiliyatini sinash va rag‘batlantirish maqsadida muntazam davom etib kelgan musiqiy va musobaqaviy xarakterdagi “G‘OYaMIZ – HIMOYaMIZ” nomli elektron ijtimoiy-ma’rifiy loyihaning muallifi va boshlovchisi sifatida qator oliy o‘quv yurtlarida ushbu tadbirni muvaffaqiyatli o‘tkazib keladi.
Ayni kunlarda esa uning faoliyati mazmuni va tadbirlari mohiyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 28 iyuldagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida”gi PQ-3160-sonli qaroriga qaratilgani bilan xarakterlanadi. Shuningdek, u Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasining tashabbusiga muvofiq 64/21–sonli jazoni ijro etish muassasasidan “Meni kechiring, odamlar”, “Iqror”, “E’tirof va e’tiroz”, “Pushaymonlik qismati” hamda Zangiota tarbiya koloniyasidan “Beboshlik balosi”, “Adashganlar” nomli hujjatli filmlarning muallifi sifatida ichki xizmat sohasida foydalanish uchun tayyorladi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV JIEBB bilan “IQTIDOR-Film” videostudiyasi hamkorligida tayyorlangan, keng omma e’tiboriga havola qilinib, “O‘zbekkino” Milliy agentligi tomonidan muvaffaqiyatli tasdiqlangan tarbiyaviy-axloqiy mazmundagi “Qora ilon”, “Begona” va “Ota” nomli badiiy filmlarning prodyusseri va hammuallifi bo‘lib huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining giyohvandlikka qarshi kurashdagi matonatini aks ettirishda o‘zining munosib hissasini qo‘shdi. U rahbarlik san’ati, boshqaruvda notiqlik mahorati mavzulari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida, Yuristlar malakasini oshirish markazida ham soatbay dars berib keladi.
Uning Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi qoshidagi “Ma’naviyat targ‘ibotchisi” nodavlat ta’lim muassasasida “Til taktikasi - taraqqiyot strategiyasining innovatsion va ta’sirchan mexanizmi” mavzuidagi turli tizim, qo‘mita va vazirliklar uchun qilgan ma’ruzalari tinglovchilarning allaqachon e’tiborini tortgan. Uning 2016 yili Respublika Ma’naviyat targ‘iboti markazining taklifiga binoan “Vatan va xalq mangu qoladi” deb nomlangan, Birinchi Prezidentimizning tinchlik, oila va mahalla, yoshlar, ta’lim-tarbiya hamda ma’naviyat va ma’rifat masalalari borasidagi aforizmlaridan tarkib topgan, uning ijrosida o‘qilgan AUDIO diski turli tadbirlar oldidan qo‘yib kelinadi.
Uning bugungi kunda, globallashuv davrida targ‘ibotchining roli va mas’uliyatining yanada oshganini e’tiborga olgani holda, ommaga fikrni ravon va ta’sirchan yetkazish, qo‘rquv va hayajonni yengishga qaratilgan nutq madaniyati hamda mahorati sirlarini o‘rgatish maqsadida tashkil etgan “NOTIQLIK SAN’ATI AKADEMIYASI” nodavlat ta’lim muassasasi alohida ahamiyatga ega. Barcha qiziquvchi yoshlarning, ayniqsa pedagoglarning kommunikativ kompetensiyasini oshirishda, muloqot va muomala etiketini rivojlantirishda o‘sha ta’lim muassasasining xizmatlari katta bo‘layotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi.
Milliy g‘oya va mustaqillik mafkurasi ma’naviy va ma’rifiy yo‘l bilan omma ongiga tez, ravon singdirilgandagina qudratli kuchga aylanadi. Buning uchun ma’naviyat targ‘iboti va tashviqoti muhim ekanligini, har qanday muloqotning mezoni nutqiy va xulqiy madaniyat bilan bog‘liqligini “Nutqiy mahorat"(2005), “G‘oyaviy tarbiyada notiqlik san’ati”(2001), “Toshkentdan gapiramiz” (2016), “Dil – qulf, til – kalit”(2015), “Muomala madaniyati”(2015), “Ta’lim, tarbiya, tafakkur, taraqqiyot”(2015), “Notiqlik san’ati”(2016), “Ma’naviyat targ‘iboti”(2017), “Komiljonimni yod etsam” (2017) “Siz notiq bo‘lmoqchimisiz”(2019), kabi turkum kitoblari bilan isbot etdi.
U yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim sharti ekanini chuqur his etgani holda, xuddi shu niyatning ro‘yobi sifatida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Madaniyat va ma’rifat” telekanalida “IQ - SHOU” nomli intellektual televizion musobaqaviy dasturning muallifi va boshlovchisi sifatida yana o‘z faoliyatini boshladi. Yoshlarning ma’naviy, ma’rifiy ongu shuurini yuksaltirishda ushbu ko‘rsatuvning roli katta bo‘lishiga ishonchimiz komil.
U respublikamizning ijtimoiy-ma’naviy hayotidagi turli yangiliklarni yoritishda faolligi bilan ajralib turadi. Ayniqsa, u o‘ndan ziyod xalqaro konferensiyalardagi ma’ruzalari bilan birgalikda pedagog-tinglovchilarga fanni o‘qitishda axborot kompyuter texnologiyalaridan foydalanish hamda notiqlik san’atidan dars berish asnosida notiq.uz vebsayti orqali turli mavzularda 500 ga yaqin xabar va maqolalarini e’lon qilgan. Ular orasidagi aksariyat maqolalari bevosita ma’naviyat va ma’rifat masalalariga, targ‘iboti va tashviqotiga bag‘ishlangan. Ustozni tavallud ayyomi munosabati bilan samimiy tabriklaymiz.