Аmir Temur davlati bilan Ispaniya qirolligi oʼrtasidagi diplomatik munosabatlar
Ispaniyaning Leida universiteti (University of Lleida) professori Flocel Sabate Curull ishtirokida 2020 yil 29 fevral kuni institut axborot resurs markazi videokonferentsiyalar zalida “Diplomatic relationship between Spain and Tamerlan” mavzusidagi seminar tashkil etildi. Professor Flosel Sabate XIV asrning oxiri va XV asrning boshlarida xalqaro vaziyat va buyuk davlat arbobi va sarkarda Аmir Temur va Kastiliya qiroli oʼrtasidagi iliq diplomatik munosabatlar oʼrnatilgani haqida batafsil maʼlumotlar berib oʼtdi.
Oʼsha davrda Gʼarb va Sharq oʼrtasida diniy qarama-qarshiliklar boʼlishiga qaramasdan Аmir Temur Yevropaga doʼstlik eshiklarini ochgan, oʼzaro qizgʼin diplomatik aloqalar olib borgan. U oʼsha davrda mashhur boʼlgan barcha Yevropa qirollariga elchilar yuborgan va Gʼarb hukmdorlarining elchilarini qabul qilgan. Yevropa jamiyati, xususan Ispaniya xalqi bu doʼstlikni hayajon bilan kuzatgani, hatto Frantsiyada Аmir Temurga atab oltin haykal qoʼygani, unda “Evropa haloskoriga” degan yozuv boʼlgani haqida koʼplab maʼlumotlar mavjud. Аmir Temur 1402 yilda Yildirim Boyazidni yengib, Yevropani Usmoniylar zulmidan xalos etgan, gʼarb qirollariga teng manffatli hamkorliklar oʼrnatish va bu borada bitimlar imzolash takliflarini kiritgan. Oʼsha paytda yevropadan kelgan har bir savdogarning hayoti, mol-mulki himoyaga olingan, ulardan hatto boj ham olinmagan.
Аna shu aloqalar ichida Аmir Temurning Kastiliya qiroli bilan olib borgan doʼstlik rishtalari juda mustahkam boʼlgan. Ular xatlarida oʼzaro bir-birlariga yaxshi tilaklar bildirgan va bir-birlarini olqishlaganlar. Аmir Temur oʼzining mohir diplomati hisoblangan Muhammad Keshiyni Ispaniyaga elchi qilib joʼnatgan va mana shu elchilikka javoban Kastiliya qiroli Rui Gonzales de Klavixoni Samarqandga Аmir Temur saltanati poytaxtiga elchi sifatida yuborgan. Bu elchilik 1403-1406 yillarda amalga oshirilgan.
Rui Gonzales de Klavixo oʼzining koʼrgan-bilganlari va eshitganlari haqida “Samarqandga — Аmir Temur saroyiga sayohat kundaligi” nomli asarini yozib qoldirgan. Bu asar Аmir Temur saltanati, xususan Аmir Temur va Ispaniya munosabatlari tarixi haqida batafsil maʼlumotlar beruvchi muhim manbaga aylangan. Bugun yangi davrda Аmir Temur orzu qilgan iliq munosabatlar ilmiy sohada ham qayta tiklanmoqda va rivojlanmoqda. Seminarda “Suv xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish”, “Gidromelioratsiya”, “Yer resurslarini boshqarish” va “Gidromeliorativ ishlarni mexanizatsiyalash” fakulteti talabalari faol ishtirok etishdi. Mavzu talabalarda katta qiziqish uygʼotdi.
TIQXMMI matbuot xizmati