Institut rektori Umurzakov O’ktam Pardaevichning 8 – mart – xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tadbirdagi tabrik nutqi

 

Assalomu alaykum muhtarama ayollar, aziz opa singillar, dilbar va lobar qizlar!

Go‘zal va betakror diyorimizga bayramona quvonchli kunlarga, lahzalarga boy fasli Bahor tashrif buyurdi.

Shu quvonchli kunlarda, xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida Siz azizlar bilan uchrashib, Sizlarni chin dildan bayram bilan tabriklab turganimdan behad baxtiyorman.

Hurmatli aziz va munis onaxonlar,  qadrdon opa- singillar, dilbar va lobar qizlar Sizlarni o‘lkamizga kirib kelgan ilk Bahor bayrami bilan institut erkaklar jamoasi nomidan chin dildan muborakbod etaman.

Sizlar jamoamizning bamisoli nafis va bejirim gullar kabi bezab turibsizlar.

Sizlar jamoamizda madaniyat o‘chog‘ining alanga shu’lasi bo‘lib turibsizlar.

Sizlar jamoamizdagi har bir yutuqqa chiroyli tabassum ila mehnatlaringiz bilan kamarbasta bo‘lib turibsizlar  va biz buni hech qachon unutmaymiz.

Azizlar, oilani ham, jamiyatimizni ham birlashtirib, unga fayzu-barokot kiritadigan, xonadonlarimizni mehr-muhabbat, nafosat va ezgulik nuri bilan to‘ldiradigan  zotlar ham aslida mo‘tabar onalarimiz, munis opa-singillarimizdir.

Sizlarning birgina shirin so‘zlaringiz - siniq ko‘ngillarni shod qilishi mumkin...!!!

Sizlarning birgina iliq tabassumlaringiz – dunyodagi barcha noxushliklarni bartaraf etishi mumkin...!!!

Sizlarning birgina umid va samimiy tilaklaringiz - yuksak muvaffaqiyatlarga yetaklashi mumkin..!!!

Chindan ham, ayollarimizning oilada tutgan o‘rni beqiyos. Oqila, go‘zal ayollar o‘zlarining g‘amxo‘rligi, mehribonligi, qalbi daryoligi bilan oiladagi, qolaversa, butun jamiyatdagi muvozanatni, poklik, halollik, samimiyat va adolat muhitini saqlab turadilar.

Ulug‘ donishmandlar Vatanga eng munosib  ta’rif izlaganda, uni Ona siymosiga qiyos etganlarida katta ma’no bor. Dunyoda muqaddas degan so‘zga eng munosib zot ham – Onadir.

Qadimdan bir rivoyat bor:

Bir ayol odamlar orasida bolasini qattiq urar ekan. Bola qattiq zarbalarga chidab hech yig‘lamas ekan.

Oradan yillar o‘tibdi, odatdagidek ona bolasini odamlar orasida urganida, bu safar bola qattiq yig‘lab yuboribdi...

Odamlar ajablanib:

- «Ey yigitcha, oldinlari onangiz kaltaklaganlarida miq etmasdingiz-ku, nega bugun ko‘zlaringizga to‘la yosh oldingiz?» - deb so‘rashibdi. Yigitcha yig‘lagancha...

Onasini qo‘llari qattiq tegmaydi va shunda bola qattiq yig‘laydi demak onam qaribdi deb....

Shuning uchun azizlar onani e’zozlash - bizning millatimiz, xalqimiz uchun oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilgan fazilat.

Chunki ayollarni qancha ulug‘lasak, hayotimizning chirog‘i, umrimizning guli deb e’zozlasak, demakki, oilamizni, Vatanimizni e’zozlagan bo‘lamiz.

Sharqda ayolni farishtaga qiyos qilishadi. Chunki farishtalar Alloh taolo yaratgan eng pok, eng begunoh zotlardir.

Xalqimizning buyuk tarixida o‘zining jasorat va matonati, aql-zakovati, nafosat va nazokati bilan o‘chmas nom qoldirgan To‘maris, Bibixonim, Gulbadanbegim, Zebuniso, Nodira, Uvaysiy, Anbar Otin va boshqa yuzlab ayollarimizni hamisha ehtirom bilan tilga olamiz

Biz o‘zimizni doimo onalarimiz, opa singillarimiz oldida qarzdordek his etamiz, Siz azizlarga doimo dunyoning barcha yaxshiliklarini, boyliklarini sog‘inib yashaymiz.

Hurmatli opa singillar, qadri baland ayollar. Biz o‘z kasbiga fidoyi, yuksak ma’naviyatli, halol va pok niyatli muhtarama ayollarimizni, tajribali pedagog va mehribon murabbiy ayollarimizni doimo e’zozlab kelganmiz va bundan buyon ham shunday bo‘lib qoladi.

Muhtarama ayollar! Barchamiz uchun qadrli bo‘lgan, ikkinchi uyimiz bo‘lgan institutimiz jamoasining 37 % foizini muhtarama xotin-qizlar tashkil etadi. Ular ichida 11 nafar fan doktorlari va professorlar, 33 nafar fan nomzodlari va dotsentlar va 120 dan ortiq tajribali mehribon ayol  o‘qituvchilar faoliyat yuritmoqdalar.

 Institutimizda barqaror ma’naviy muhitni shakllantirishdagi beqiyos o‘rningizni yuksak qadrlaymiz.

Sizlarning to‘laqonli ilmiy va pedagogik faoliyat yuritishlaringizni ta’minlash uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishga doimo tayyormiz.

Yana bir bor bayramlaringiz muborak bo‘lsin, aziz opa singillar!

 

TIQXMMI matbuot xizmati