AutoCAD va Google SketchUP dasturlarini o‘rganish bo‘yicha o‘quv kursi tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha “Harakatlar strategiyasi”ni “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi”ning ijrosini ta’minlash maqsadida institutimizda talaba yoshlarni ijtimoiy himoya qilish, ularni har tomonlama rag‘batlantirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ta’lim olishlari uchun bir qator engillik va imkoniyatlar yaratish ishlari olib borilmoqda.
Jumladan, “Yer resurslarini boshqarish” fakultetida tahsil olayotgan ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj, oilasi “temir daftar” ro‘yxatiga kirgan oilalarning farzandlari uchun DSinGIS xalqaro loyihasi bilan hamkorlikda AutoCAD va Google SketchUP dasturlaridan foydalanish bo‘yicha bir oylik bepul o‘quv kursi tashkil etildi. O‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan 18 nafar talabalar fakultet dekani va “Davlat kadastrlari” kafedrasi mudiri Q. Raxmonovlar ishtirokida maxsus sertifikatlar bilan taqdirlandilar. O‘quv kursi Davlat kadastrlari kafedrasi doktoranti Sh.Ismonov tomonidan olib borildi.
Ushbu o‘quv kursini tamomlagan talabalar kelajakda ishlab chiqarishda, jumladan, er tuzish hamda kadastr sohalarida keng qo‘llanilayotgan kompyuter AutoCAD va Google SketchUP dasturlarida ishlash ko‘nikmalariga ega bo‘ldilar.
Davlat kadastrlari kafedrasi doktoranti Sh. Ismonov axboroti
TIQXMMI matbuot xizmati