Yangi o‘quv yiliga yangi rejalar
Institut xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashi a’zolari o‘tgan o‘quv yili davomida unumli ishlar olib bordi desak mubolag‘a bo‘lmaydi, albatta. Negaki, bu boradagi ishlarni natijaviyligi eng avvalo, xotin-qizlarning faolligida, ilmiy ishlarni olib borish, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish, shu bilan birga talaba qizlarimiz uchun oiladan tashqari o‘qish va ishlashlariga yaxshi sharoitlar yaratishdan iboratdir.
Bunday sharoitlar yaratildiki, xotin-qizlarimiz unumli foydalandilar, ayniqsa ayollar muammolari va ayollarning jamiyatdagi o‘rni masalalariga bag‘ishlanib o‘tkazilgan xalqaro anjuman, innovatsion vazirlik tomonidan e’lon qilingan “40-tur Ayollar loyihasi” bo‘yicha institutdan 3 ta loyiha ijobiy MTS dan o‘tganligi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Nafaqat respublika, balki butun xorijiy davlatlar bilan bu masalalardagi fikr almashinuvi institutimizga katta rejalar ustida ishlashimizga turtki bo‘ldi.
Bunday tadbirlar boshida ustozimizni, rahbariyatimizni xissalari katta bo‘ldi. Ularni aytib o‘tmaslik insofdan emas. Rahmatlik O‘ktam Pardayevichning xotirasini biz xotin-qizlar jamoasi doimo yodimizda saqlaymiz. Ruhlari shod bo‘lsin, Ilohim. Barcha qilingan ishlarni sarhisob qilgan holda bu yilgi o‘quv yilini "Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!" shiori ostida O‘zbekiston Mustaqilligning 30 yilligini nishonlash bilan boshlaymiz. Bu ham barchamiz uchun eng chiroyli xabarlardan biridir. Institut xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat Kengashi tomonidan yuqoridagi shior ostida bayramona kayfiyat bilan bir qancha tadbirlar fakultetlar kesimida rejalashtirib olindi.
Rejalashtirilgan tadbirlarni sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilgan holda tashkil qilish masalalari va jamoa a’zolarining faol ayollari tomonidan tashkil etilishi bugungi yig‘ilishimizda alohida ta’kidlab o‘tildi. Ular tomonidan “Mehribonlik uylari”ga, biriktirilgan maktablarga, soha yo‘nalishlari bo‘yicha tashkilot va harbiy OTM ga, shu bilan birga olib borilayotgan masalalar yuzasidan TV kanalida teleko‘rsatuv tashkil etish masalalari ham grafik asosida o‘tkazilishi rejalashtirildi.
Bu esa barcha O‘zbekiston ahlini bayram arafasida kayfiyatni ko‘tarish, ularga yillar davomida O‘zbekistoning istiqbolga erishishdagi olib borilgan ishlari borasida suhbatlar, ochiq muloqotlar orqali yetkazishdan iboratdir. Hurmatli jamoa a’zolari! Barchangizni yangi o‘quv yili bilan, shu bilan birga O‘zbekiston Mustaqilligining 30 yilligi bilan chin qalbimizdan tabriklaymiz. Doimo sog‘-salomat bo‘lib, faoliyat olib borishingizga tilakdoshmiz.
Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashi axboroti
TIQXMMI Matbuot xizmati