Prezidentning sohamizga doir farmoni
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2019 yil 17 iyundagi PF–5742-sonli Farmoni qabul qilindi. Mazkur Farmonda respublikada yillar davomida irrigatsiya va melioratsiya holati yomonlashuvi natijasida foydalanishdan chiqib ketgan yerlarni bosqichma-bosqich qayta foydalanishga kiritish, yer osti suv zaxiralaridan samarali foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish hamda ichki irrigatsiya tarmoqlarini rekonstruksiya qilish orqali suv yo‘qotilishini kamaytirish, shuningdek, bu ishlarda salohiyatli investorlar ishtirokini ta’minlash yuzasidan ustuvor vazifalar belgilab berilgan.
Ushbu vazifalarni belgilangan muddatlarda sifatli amalga oshirishni tashkil etish, Farmonning mazmun va mohiyatini keng ommaga tushuntirish maqsadida joriy yilning 20 iyun kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida “Qishloq va suv xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish: muammolar va ularning yechimi” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi Senatining Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi, Vazirlar Mahkamasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligiga aloqador vazirlik va idoralarning rahbarlari, davlat qo‘mitalari vakillari, aksiyadorlik jamiyatlari va agentliklar rahbar va mutaxassislari hamda Ilmiy tadqiqot institutlari, oliy ta’lim muassasalari olimlari, doktorantlar ishtirok etdilar. Anjumanda muhtaram Prezidentimiz tomonidan chiqarilgan mazkur Farmonning maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, mutaxassislar va olimlar tomonidan 6 ta ma’ruzani eshitish, o‘zaro savol-javoblar va muhokamalar ko‘zda tutilgan.
Ma’lumki, so‘nggi o‘n yilliklarda insoniyatni yer va suv resurslaridan foydalanish jadalligi bilan bog‘liq, global miqyosdagi muammolar ko‘payib borayotganligini anglab yetdik. Insoniyat aholi o‘sishi va iqtisodiyot rivojlangani sari chuchuk suv resurslari taxchilligi ortib borishiga, yer resurslaridan samarali foydalanish muammolariga duch keldi. Bu global hodisa iqlim o‘zgarishi jarayonlari bilan yanada murakkablashgan. Jamiyat va tabiatning hamma turdagi talablarini ta’minlash uchun yaroqli bo‘lgan yer va suv resurslari taxchilligini ortib borishi hamma joyda sodir bo‘lmoqda, lekin dunyoning alohida hududlarida bu jarayon juda ham jadal ketmoqda. Ilmiy – amaliy anjuman davomida ushbu Farmondan kelib chiqib sohaga aloqador vazirlik va idoralarning yer va suv resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlari hamda samarali ish rejalari belgilab olindi.
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov