KAFEDRA FILIALINING OCHILISHI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 08.05.2018-yildagi PQ-3702-sonli Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi qarori ijrosini taʼminlash boʻyicha bir qator ijobiy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Oliy taʼlim, fan va ishlab chiqarishning innovatsion korporativ hamkorligini yoʻlga qoʻyish borasida amalga oshiriladigan ishlar boʻyicha “Oʻzbekgidroenergo” aksionerlik jamiyati hamda uning tarkibidagi “Chirchiq GESlar kaskadi” unitar korxonasi hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti oʻrtasida tuzilgan shartnomalarga asosan talabalarga institutda olayotgan nazariy bilimlarini bevosita ishlab chiqarish jarayonida mustahkamlash maqsadida Chirchiq GESida institutning Gidrotexnika qurilishi fakulteti “Suv energiyasi va nasos stansiyalaridan foydalanish” kafedrasining filialining ochilishiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.
Tadbir “Oʻzbekgidroenergo” aksionerlik jamiyatining kadrlar va oliy taʼlim muassasalari boʻyicha boshqarma boshligʻi Sunnatov Inoyat Soxibovich, Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi kadrlar boshqarmasi boshligʻi Xurshid Lapasov, “Chirchiq GESlar kaskadi” unitar korxonasi direktori – Shadmanov Abdurasul Abdurashidovich” institutning Gidrotexnika qurilishi fakulteti dekani Xasanov Baxriddin Baratovich tomonidan tantanali ravishda ochib berildi.
Kafedra filialida institutning “Irrigatsiya tizimlarida suv energiyasidan foydalanish” bakalavriat taʼlim yoʻnalishi 4 kursining 59 nafar talabalari “Gidroenergetik qurilmalardan foydalanish” fanidan hamda “Nasos stansiyalari va qurilmalaridan foydalanish va tashxisi” va “Gidroelektrostansiyalar qurilishi va ulardan foydalanish” magistratura mutaxassisligi 17 nafar 1 va 2 kurs magistrantlari “Gidroenergetik qurilmalar” hamda “Gidroelektrostansiyalardan foydalanish” fanlaridan amaliy mashgʻulotlar davomida institutda olgan nazariy bilimlarini mustahkamlashadi. Buning uchun filialda 20 va 40 oʻringa moʻljallangan zamonaviy oʻquv qurollari bilan (internet, videoproyektor, televizor) jixozlangan 2 ta auditoriya va laboratoriya xonasi ajratilgan.
“Irrigatsiya tizimlarida suv energiyasidan foydalanish” bakalavriat taʼlim yoʻnalishi talabalari “Gidroenergetik qurilmalardan foydalanish” fanidan 7, 8-semestr davomida 46 soat, “Nasos stansiyalari va qurilmalaridan foydalanish va tashxisi” magistratura mutaxassisligi magistrantlari esa “Gidroenergetik qurilmalar” fanidan 80 soat hajmidagi amaliy mashgʻulotlarni “Chirchiq GESlar kaskadi”ning yetakchi va tajribali mutaxassislari olib borishadi.
Amaliy mashgʻulotlar davomida talaba va magistrantlar GESning ishlash prinsipi, turbina va gidrogenerator, yordamchi jixozlari, boshqaruv tizimi, ekspluatatsiya qilish, joriy va kapital taʼmirlash, rekonstruksiya qilish kabi mavzularni bevosita ishlab chiqarish bilan bogʻlab, oʻz bilim va koʻnikmalarini mustahkamlashadi.
Kafedra filialida tizimli ravishda olib boriladigan amaliy mashgʻulotlar uchun dars jadvali TIQXMMI oʻquv ishlari boʻyicha prorektori professor B.S.Mirzayev tomonidan tasdiqlangan.
Shuningdek, TIQXMMI rektoriprofessor Oʻ.P.Umurzoqov va “Oʻzbekgidroenergo” AJ raisi A.A.Sanginov tomonidan tuzilgan oʻzaro hamkorlik shartnomasiga asosan mazkur taʼlim yoʻnalishidagi 30 nafargacha talabalar uchun har yili oʻquv-ishlab chiqarish amaliyoti ham Chirchiq GES lar kaskadlarida olib borilib, ular ushbu obyektlarda ishlab chiqarish uchun koʻnikma hosil qilishadi.
Bundan tashqari, talaba va magistrantlar GES tarkibiga kiruvchi gidrotexnik inshootlar –derivatsiya kanali, naporli hovuz, suv qabul qilish inshootlari, turbina va soʻrish quvurlari, suv tashlash inshootlari, olib ketish kanali kabi inshootlarning ekspluatatsiya qilish jarayonlarida ishtirok etishib, yillik, yarim yillik, chorak, oylik va dekadalar boʻyicha suv sarfi hamda ishlab chiqarilayotgan elektroenergiya miqdorini hisoblarini olib borish tartibini oʻrganishadi.
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov