Hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Bugun Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʼjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida, mazkur oliy taʼlim muassasasining rektori professor Oʼ.Umurzakov boshchiligidagi rahbariyat hamda Oʼzbekiston Respublikasining Isroil davlatidagi favqulodda va muxtor elchisi Maxmudova F.Yu. oʼrtasida amaliy uchrashuv boʼlib oʼtdi. Ijodiy ruhda oʼtgan uchrashuv chogʼida tomonlar Oʼzbekiston hamda Isroilning barqaror iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyoti rejalariga mos keluvchi dolzarb masalalar boʼyicha har ikki mamlakatdagi oliy taʼlim, ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarish sohalarida faoliyat olib borayotgan tashkilotlar, olimlar hamda mutaxassislar oʼrtasida oʼzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari va ustuvor yoʼnalishlari boʼyicha fikr almashdilar. Jumladan, mamlakatlarning tabiiy-xoʼjalik sharoitlari va iqtisodiy rivojlanish dasturlaridagi oʼziga xos oʼxshashliklar va manfaatlardan kelib chiqqan holda oliy taʼlim va innovatsiyalar, suv xoʼjaligi hamda agrosanoat majmualarini rivojlantirish yoʼnalishlaridagi muammolar boʼyicha hamkorlikni yoʼlga qoʼyish va uni rivojlantirish mexanizmlari atroflicha tahlil qilindi. Oʼzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga asos boʼluvchi omillar va zaruriy sharoitlarni nazarda tutgan holda mazkur yoʼnalishdagi harakatlar barqarorligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar hamda tomonlarning vazifalari belgilab olindi.
Soha oliy taʼlimi, ilmiy tadqiqot va ishlab chiqarish korxonalari oʼrtasidagi integratsiyani taʼminlashni nazarda tutgan holda oʼzaro manfaatli hamkorlikning boshlangʼich yoʼnalishlari sifatida “Qishloq xoʼjaligida suv tejamkor va aqlli texnologiyalarni rivojlantirish”, “Tabiiy va oqava suvlari sifatini yaxshilash texnologiyalarini takomillashtirish” hamda “Qishloq va suv xoʼjaligida ishlab chiqarish jarayonlarini mexanizatsiyalash va avtomatlashtirish” kabi yoʼnalishlar tanlandi. Dastlabki bosqichda faoliyatlarni qoʼshma vebinarlar tashkil etish, hamkorlikdagi oʼquv va ilmiy dasturlarni hamda qoʼshma ilmiy loyiha-takliflarini ishlab chiqishdan boshlash boʼyicha kelishib olindi. Tomonlar Oʼzbekiston va Isroil mamlakatlari vakillarining oʼzaro manfaatli hamkorligi barqaror boʼlishiga ishonch bilan qaramoqdalar.
TIQXMMI matbuot xizmati