Talantli, tirishqoq talabalar taqdirlandi

  Bugungi kunda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti, Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev Miromonovich tomonidan mamlakatimiz yoshlariga juda ham katta imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Jumladan, 2020-yil 25-dekabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Miromonovich tashabbusi bilan tashkil etilgan, mamlakatamiz yoshlari bilan oʼtkazilgan “Oʼzbekiston yoshlari forumi 2020” katta tadbirini barchamiz koʼrib, guvohi boʼldik. Ushbu Forum Oʼzbekiston Respublikasida birinchi marotaba tashkil etildi hamda mamlakatimiz yoshlari tomonidan ijobiy kutib olindi.

“Oʼzbekiston yoshlari forumi”da Yurtboshimiz Shavkat Miromonovich yoshlarga qarata “Men har gal yoshlarimiz bilan uchrashganimda, sizlarning gʼayrat-shijoatingizdan kuch-quvvat olaman, koʼnglim togʼday koʼtariladi. Har biringiz jonajon Vatanimiz va xalqimizga sidqidildan xizmat qilish orzusi bilan yonib yashayotganingizni yaxshi bilaman. Sizlarni Oʼzbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi sifatida yuksak qadrlayman.Barchangiz yaxshi bilasiz, biz bugun oʼz oldimizga ulkan marralarni qoʼyganmiz. Ona Vatanimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga kirishdik. Biz oila, maktabgacha taʼlim, maktab va oliy taʼlimni hamda ilmiy-madaniy dargohlarni boʼlgʼusi Renessansning eng muhim boʼgʼinlari deb hisoblaymiz. Shu sababli, ushbu sohalarda tub islohotlarni izchil amalga oshirmoqdamiz. Ishonamanki, mamlakatimiz taraqqiyotining yangi poydevorini yaratishda sizlar singari fidoyi va vatanparvar yoshlarimiz faol ishtirok etib, munosib hissa qoʼshadilar.” deya oʼz nutqlarida aytib oʼtdilar. Xabaringiz bor, 2021-yil nomi "Yoshlarni qoʼllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili" deb eʼlon qilingani ham Yoshlar bugungi kunda jamiyatimizning eng muhim qatlami ekanligidan, ularni boʼlgan eʼtibordan dalolat beradi. "Yoshlarga eʼtibor kelajakka eʼtibordir". Respublikamiz barcha hududlarida yoshlar eʼtibor markazida boʼlib, uchrashuv va tadbirlar oʼtkazilmoqda. Bugun 2021-yil 22-yanvar kuni institutimizda faoliyat olib borayotgan Oʼzbekiston Yoshlar ittifoqining boshlangʼich tashkilot fakultet yetakchilari,  faol va tashabbuskor talabalar bilan Yoshlar bilan ishlash boʼyicha prorektor Ruzimurot Choriev ochiq muloqot oʼtkazib,  talabalar bilan samimiy suhbatlashdi. 

 

Dastavval,  jamoat va tashkiliy ishlarda faol ishtirok etgan bir guruh talabalar,  barcha fakultet yetakchilariga institut rektori tomonidan berilgan ragʼbatlantirish pul mukofotlari talabalarga tantanali topshirildi. Keyin esa, har bir fakultet yoshlar yetakchilari yoshlar bilan ishlash va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish boʼyicha  oʼz takliflari va fikrlarini berishdi. Zalda yigʼilgan faollar oʼz takliflari,  yangi loyihalari va muammolarini aytib oʼtishdi. Har bir aytilgan taklif,  tashabbus va muammo yozib olindi va rejalarga kiritilishi belgilab olindi. Shu yerning oʼzida yechimini topgan masalalar ham boʼldi. Yuzma yuz uchrashuv samarali va foydali boʼldi.

Talabalar bilan muloqotda institut yoshlar bilan ishlash va maʼnaviyat-maʼrifat boʼlimi, fakultet yoshlar bilan ishlash boʼyicha dekan muovinlari, institut psixologi,  institut matbuot kotibi, institut yoshlar ittifoqi yetakchilari,  iqtidorli talabalarni qoʼllab-quvvatlash boʼlimi hodimlari ham ishtirok etishdi. Yoshlar bilan ishlash boʼyicha prorektorimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan "Eng faol 1000 nafar talabalar" guruhi aʼzolari bilan institut rektori uchrashuvi boʼlishini prorektorimiz taʼkidlab oʼtdi. Oʼz vaqtini ayamay tashrif buyurgan va suhbatlashgan rahbarlarimizga talabalar nomidan rahmat aytamiz. Faol boʼling aziz talabalar. Berilgan vaqt va imkoniyatlardan unumli foydalaning.

 

TIQXMMI matbuot xizmati