Malakali mutaxassislar yurtimiz ravnaqi
“Irrigatsiya va melioratsiya” va “Gidromeliorativ tizimlardan foydalanish” kafedralari professor-o‘qituvchilari tomonidan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash bilan birga innovatsiyalar yaratish, nazariya va amaliyot o‘rtasida integratsiyani ta’minlashga oid qator vazifalar belgilangan.
Ayni paytda mazkur vazifalarni to‘la-to‘kis bajarish borasida 2020 yilning 21 fevral kuni “Gidromelioratsiya” fakulteti 4-kurs talabalari o‘rtasida Toshkentda faoliyat yuritayotgan USAID tashkilotining “DAI Global LLC” loyihasi yetakchi mutaxassisi Toshaliev Anvarjon Teshabaevich va O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi Ilmiy va innovatsion ishlanmalarni joriy etish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Sayidov Malik Temirovichlar bilan uchrashuv tashkil qilindi.
Tadbirda bitiruvchilar Xalqaro tashkilotda faoliyat yuritishlari uchun “Malakali mutaxassis qanday bo‘lishi kerak?” degan savol bilan murojaat qilishdi. “DAI Global LLC” loyihasi yetakchi mutaxassisi Anvarjon Toshaliev o‘z taqdimoti davomida, davlatimizga hozirgi kunda soha bo‘yicha mavjud bo‘lgan muammolarga to‘xtalib uning yechimi bo‘yicha mutaxassis kadr qanday bo‘lishi kerakligi to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.
Shu o‘rinda tadbirda Suv xo‘jaligi vazirligi xodimi Malik Sayidov so‘z navbatida suv xo‘jaligi sohasida ilmiy-tadqiqot, innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash, istiqboldagi ustuvor vazifalar va suv resurslaridan oqilona foydalanish, bu boradagi muammolarni hal etishga qaratilgan huquqiy, iqtisodiy hamda ijtimoiy islohotlar amalga oshirilganligi xususida o‘z fikrlarini bayon etdi.
O‘tkazilgan tadbirda talabalarni mutaxassislikni yanada mustahkam bilishlari hamda davlatimizda faoliyat olib borayotgan xalqaro tashkilotlarda ishlashlari va chet ellarda malaka almashib kelishlari uchun kerakli bo‘lgan barcha talablar hamda soha bo‘yicha faoliyat yuritishlari uchun qo‘yilgan talablar savol-javob tariqasida to‘liq tushuntirildi.
Tadbir yakunida bitiruvchi talabalarga yuqori darajada ruhlantirilganligi hamda o‘zlari tanlagan mutaxassisliklarini yanada chuqur bilishlari kerakligi hamda kelgusida ishlab chiqarish jabhalarida yuqori natijalarga erishishiga biz ishonamiz, - deydi USAID tashkilotining “DAI Global LLC” loyihasi yetakchi mutaxassisi Anvar Toshaliev.
“Irrigatsiya va melioratsiya” va “Gidromeliorativ tizimlardan foydalanish” kafedralari professor-o‘qituvchilari va Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi axboroti
Institut matbuot xizmati rahbari R.Jumaniyozov