Harakatlar strategiyasi O‘zbekiston milliy taraqqiyotining yangi bosqichidir

Taraqqiyot va yuksak rivojlanishga erishgan davlatlar tajribasiga ko‘ra, har bir xalq o‘z oldiga ulug‘ va istiqbol maqsadlarni qo‘yishi hamda uni amalga oshirish salohiyatlari bilan jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallaydi. Bugun kunda O‘zbekiston ham o‘z tarixining ana shunday mas’uliyatli chorrahasida turibdi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Binobarin, 2017 yil 7 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasi istiqbolimiz taqdirini hal etuvchi muhim va yangi davr bosqichini ifodalovchi milliy g‘oyaga aylanmoqda.

Aynan “Harakatlar strategiyasi” to‘g‘risida joriy yilning 20 fevral kuni “Yer resurslarini boshqarish” fakulteti talaba-yoshlari joylashgan 1 - talabalar turar joyida 2017−2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirish harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda fakultetning Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovini H.Eshova, “Oliy matematika”  kafedrasi mudiri B.Xudoyarov va kafedrani professor-o‘qituvchilari, Sh.Lakaev, F.To‘raev, A.Abdullev, X.Xolto‘raevlar ishtirok etishdi. 

Xo‘sh, strategiya nima?

U xalqning maqsadlarini qanday ta’minlaydi? Strategiya - bu ta’limotni izlash, ifodalash va rivojlantirish tizimi bo‘lib, u izchillik bilan va to‘liq amalga oshirilganda uzoq muddatli muvaffaqiyatni ta’minlaydi. Ushbu Strategiyada davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini isloh qilish, iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish kabi masalalar taraqqiyotimizning asosiy yo‘nalishlari sifatida belgilab olindi.

Harakatlar strategiyasida mamlakatimiz mustaqilligi va suverenitetini yanada mustahkamlash maqsadida milliy iqtisodiyot va ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish, investitsiyalar tarkibini takomillashtirish yo‘li bilan viloyatlar, shahar va tumanlarning iqtisodiy muammolarini yechish, hududlarni bosqichma-bosqich rivojlantirish, har bir shahar va tumanni puxta o‘ylangan reja va loyihalar asosida barqaror taraqqiy ettirish, faoliyat yuritmayotgan sanoat korxonalariga investitsiyalar kiritib, ularga qaytadan jon bag‘ishlash, ishsizlikni kamaytirish, yalpi bandlikni ta’minlash ishlarini amalga oshirishni dolzarb vazifa sifatida belgilanganligi to‘g‘rsida talaba yoshlarga ma’lumotlar berildi.

 

YeRB fakulteti Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovini Hurriyat Eshova axboroti

Institut matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov