"O'zbekiston xotin-qizlarining 100 ta innovatsion loyihalari" tanlovining Respublika bosqichi
18 fevral kuni "O'zbekiston xotin-qizlarining 100 ta innovatsion loyihalari" tanlovining Respublika bosqichi bo'lib o'tdi. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti qoshidagi "International House - Tashkent" akademik litseyining uchinchi bosqich o'quvchisi Xamidova Madina o'zining "TezMed" nomli innovatsion loyihasi bilan ishtirok etdi. Agar ushbu loyiha joriy etilsa, tez tibbiy yordam xizmati 10 barobar tezlashadi va ko'plab insonlarning hayotini saqlab qolish mumkin bo'ladi. Bundan tashqari, endi tez yordam mashinalariga GPS-navigatorlarni o'rnatishga hojat qolmaydi, bu esa davlat byudjetini tejash imkonini beradi.
Loyihaning maqsadi tez tibbiy yordam xizmatini jadal takomillashtirish, o'lim darajasini pasaytirish, aholi salomatligi ko'rsatkichlarini barqaror yaxshilash va tibbiy xizmat ko'rsatish samaradorligi bo'yicha jahon reytinglarida etakchi o'rinlarni egallashdan iborat. Shuni ta'kidlash lozim, bugungi kunda dunyo bo'ylab TezMed loyihasining analogi yo'q. Loyiha patentlangan. Madina ta'kidlaganidek, kelajakda tashqi bozorga ham chiqish rejalashtirilgan. Agar ushbu yo'nalishda ketsak , chet davlatlardan investitsiya kirib keladi va har yili IT va boshqa sohalarda yoshlar uchun 20 dan ortiq yangi ish o'rinlari yaratiladi.
"O'zbekiston xotin-qizlarining 100 ta innovatsion loyihalari" tanlovida 18 yoshdan 50 yoshgacha bo'lgan Respublika bo'ylab 4000 dan ortiq ayollar ishtirok etishdi. Tanlovning eng yosh ishtirokchisi Madina Hamidova bo'lib chiqdi. "Ijtimoiy soha bo'yicha eng yaxshi innovatsion loyiha" nominatsiyasida ishtirok etgan xotin-qizlar orasida ekspert komissiyasi tomonidan 6 ta eng yaxshi loyiha mualliflari e'lon qilindi. Ular orasida Hamidova Madina, 2 nafar fan doktori, 2 nafar fan nomzodi va dotsent ishtirok etdilar.
Eslatib o'tamiz, avval M.Hamidova AQSh, Shveytsariya, Isroil xalqaro tanlovlarida, shuningdek, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti tanlovining Respublika bosqichida "TezMed" loyihasi bilan ishtirok etgan. Bundan tashqari, 2018 yil noyabr oyida "Respublika yosh olimlarining innovatsion loyihalari" grant tanlovida birinchi o'rinni egallagan.