Kitob taqdimoti
Kitob – beminnat ustoz, bilim va ma’naviy yuksalishga erishishning eng asosiy manbai ekani haq.Xalqimiz tilida ham kitob o‘qib bilim va munosib ta’lim-tarbiya olish, ilm-fan bilan shug‘ullanish, kasb-hunar o‘rganishning ahamiyatiga doir maqollar juda ko‘p. Jumladan, “Kitobsiz aql – qanotsiz qush”, “Baxt belgisi – bilim”, “Bilim – aql chirog‘i”, “Go‘zallik – ilmu ma’rifatda”, “Ilm baxt keltirar, bilim taxt keltirar”, “Hunar – oqar buloq, ilm – yonar chiroq”, “Oltin olma, bilim ol, bilim olsang, bilib ol”. Bunday purhikmat naqllarni yana uzoq davom ettirish mumkin.
Eng muhimi, necha ming yillardan buyon sayqallanib, ne-ne avlodlarga yo‘lchi yulduzdek to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib kelayotgan ana shu xalqona hikmatlar negizidagi asl haqiqat shuki, insonning bilimli, tarbiyali, kasb-hunarli va albatta baxtli va davlatli bo‘lishining muhim omili – bu kitobga do‘st bo‘lish, hamisha kitob o‘qish va kitob mutolaasini umr bo‘yi kanda qilmaslikdir. Ayniqsa, yoshlarning baxtu kamoli, osoyishta va farovon hayotida kitobning alohida o‘rni bor. Chunki yaxshi kitob insonda Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini yuksaltirib, yaxshilik hamda ezgulikka undaydi.
“Oltin qalam” milliy mukofotining laureati, “Turon” fanlar akademiyasining akademigi, taniqli rejissyor Hamid Qahramonov bilan institutimizda o‘tkazilgan ijodiy muloqot “IBRATLI, IJODKOR INSONLAR” ruknida tashkil etildi. Hamid Qahramonovning “Daholar suv ichgan daryolar” kitobi taqdimoti ham davraga ma’naviy ruh baxsh etdi.
Tadbirda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining a’zosi Umida Abduazimova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Dadaxon Yoqubov, O‘zbekiston qaharamoni Abdulla Oripovning qizlari Shoira va Yulduz Oripova, taniqli san’atkor G‘aybulla Qo‘chqorov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artitst Sveta Xudoyberganovalar ishtirok etishdi. Ularning chiqishlari bevosita kitobxonlik madaniyati va Hamid Qahramonovning rejissyorlik faoliyati bilan bog‘landi. Taassurot va xotiralarga yo‘g‘rilgan tadbir qiziqarli va maroqli tarzda kechdi.
Zero, kitob — qalb chirog‘i, tafakkur qanoti. Ayniqsa, bosma kitobdan taralayotgan va elektron nashrdan topib bo‘lmaydigan o‘ziga xos yoqimli hidni tuyib, varaqlash asnosida mo‘’jizaviy sahifalarning sirli shitirlashidan ko‘ngil cheksiz zavqqa to‘lgan holda, kitob mutolaa qilish, uning mazmuni haqida tengdoshlar bilan fikrlashishning huzur-halovati tamoman o‘zgachadir.
Sohibqiron Amir Temur ta’biri bilan aytganda, «Kitob (bitig) barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql-idrokning, ilmu donishning asosidir, hayotni yaratuvchi murabbiydir». Shu ma’noda, shaklidan qat’i nazar, barcha kitoblar milliy o‘zligimiz hamda umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib etishga xizmat qilishi ayni muddao.
Hamidulla aka Markaziy Osiyo va Qozog‘istonda Amir Temur siymosini yaratish bo‘yicha “Eng yaxshi rejissyor” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lganlari haqida so‘z yurtidilar. Bunday yutuqlarga sabab Shukur Burhonov, Zikir Muhamadjonov Shuhrat Abbosov kabi taniqli elparvar san’atkorlar bilan hamkorlikda faoliyat bo‘lganini e’tirof etdi.
Prezidentimiz ta’kidlab o‘tganlaridek, bugungi murakkab va tahlikali zamonda yozuvchining bashariyatni ertangi kunini o‘ylab, odamlarni ezgulikka, insof-diyonat, mehr-oqibat va bag‘rikenglikka da’vat etishga qaratilgan haroratli so‘zi har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tadbir nihoyasida Hamidulla Qahramonovga Institut jamoasining esdalik sovg‘alari va Rektorimiz O‘ktam Pardayevich Umurzakov hamda “Notiqlik san’ati akademiyasi” ta’lim muassasasining FAXRIY YORLIG‘I kamoli ehtirom ila topshirildi.
“Gumanitar fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi Bahriddin Muqimov axboroti
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov