Nufuzli xalqaro konferensiya o‘z ishini yakunladi

Ma’lumki, o‘tgan yili 18-19 oktyabr kunlari Rossiya federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinning Respublikamiz poytaxtiga davlat tashrifi doirasidagi taklif va kelishuvlarning ahamiyati bugungi kunda o‘z ro‘yobini ko‘rsatayotgani sir emas. O‘shanda "Yangi iqtisodiyotga yangi xodimlar" ta’lim forumi ikkita davlatning 140 ta yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirokida o‘tkazilgandi. Bu esa ikkala davlat olimlari o‘zaro hamkorligining mustahkamlanishiga, kengqamrovli ilmiy loyiha va amaliy-nazariy yo‘sindagi faoliyatga mezon bo‘lgani rost. Ayni paytda ikkala mamlakatning 130 dan ziyod oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash va ilmiy-tadqiqot ishlaridagi o‘zaro hamkorliklar doirasida shartnomalar imzolandi.

Xususan, Toshkent irrigatsiya qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti hamda Moskva davlat qurilish universiteti orasida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida istiqbolli rejalar va kelishuvlar belgilab olingandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.Abduvaxitov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari A.Abduxakimov tomonidan 2018 yil 22 oktyabrda tasdiqlangan “O‘zbekiston-Rossiya ta’lim forumi doirasida imzolangan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha Amaliy chora-tadbirlar rejasi (“Yo‘l xaritasi”)”ga muvofiq joriy yilning 18 - 21 aprel kunlarida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida Milliy tadqiqot Moskva davlat qurilish universiteti va “Gidroproekt” AJ bilan o‘zaro hamkorlikda qurilish sohasida erishilgan yutuqlarni targ‘ibot qiladigan «Construction the formation of living environment» (FORM-2019) mavzusida o‘tkazilgan XXII xalqaro ilmiy konferensiya oltita sho‘baga bo‘lingan holda to‘rt kunlik qizg‘in jarayondan so‘ng nihoyat o‘z ishini yakunladi. Qurilish, fan va ta’lim sohasidagi dunyoviy tajriba va an’analarni ommalashtirishi hamda dolzarbligi bilan ushbu Xalqaro konferensiya katta ahamiyat kasb etdi. Ayniqsa, yoshlar innovatsiyasi bo‘yicha o‘tkazilgan seminarda yosh tadqiqotchilarning ilmiy salohiyati, innovatorlik iqtidori yaqqol ko‘zga tashlandi.

Institutimiz rektori, professor Umurzakov O‘ktam Pardaevich konferensiya yakunida respublikamiz poytaxtiga tashrif buyurib institutda hamkorlikda tashkil etilgan xalqaro anjumanda o‘z ma’ruza va chiqishlari bilan ishtirok etgan xorijlik mehmonlarni samimiy qutladilar. So‘ngra Milliy tadqiqot Moskva davlat qurilish universiteti professori Andrey Juravlev, shu ta’lim muassasasining ilmiy siyosiy boshqarmasi boshlig‘i Adamsevich Aleksey Olegovichlar tashkilotchilik va mehmonnavozik uchun institutimiz jamoasiga o‘z minnatdorchiliklarini bildirishdi. O‘zlarining qiziqarli, ilmiy yangiliklarga boy, puxta va dolzarb mavzudagi ma’ruzalari bilan ishtirok etgan olimlarga, shuningdek, yosh tadqiqotchilarga diplom, faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari taqdim etildi. Xorijlik mehmonlar xalqaro konferensiya munosabati bilan barcha tashkilotchilarga o‘zlarining dil istaklarini va samimiy tilaklarini izhor qilishdi. Ular o‘ziga xos ehtirom bilan uch-to‘rt kun mobaynida o‘zbekona mulozamat va mehmondorchiliklar ta’sirida chinakam o‘zbekka aylanib qolganliklarini lutf etishdi.

        Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov