Sermazmun umr sohibasi
Umrning miqdori yaratganga, sifati va mazmuni esa bandaga daxldor degan fikr yuradi. Umrni sermazmun o’tkazish insonning o’ziga xosdir. Ayollarning ijtimoiy hayotdagi o‘rni va mavqei bugungi kunda o‘zgacha mohiyat kasb etgani sir emas. Chunki uning siymosida ona va murabbiya degan timsol yashaydi. Dunyo tajribasida umuman bo’lmagan, O’zbekistonning o’ziga xos , boshqa davlatlardan ajralib turadigan belgisi yillarga nom berish hisoblanadi. Mustaqillik davrida ayollarimizga bo’lgan yuksak e’tiborni yillarning nomlanishidanoq anglab olish qiyin emas. Olti marotaba yil nomida ana shu muqaddas va mo‘tabar zoti sharifalar nomi qayd etilgani buning isbotidir. Bundan tashqari so’nggi yillarda yurtimiz xotin-qizlarining bilim olishi uchun ham keng ko’lamli ishlar olib borilmoqda. Oliy o’quv yurtlarida alohida davlat kvotalari ajratilishi, ilmiy izlanishlar olib borishlari uchun sharoitlar yaratilganligi so’zimizga dalildir.
Ana shunday imkoniyatlardan oqilona foydalanayotgan o’z iqtidori, bilimi bilan jamiyat taraqqiyotiga o’z hissasini qo’shayotgan xotin-qizlar safida ayni kunlarda qutlug‘ tavallud ayyomlarini nishonlayotgan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti “Professional ta’lim va jismoniy madaniyat” kafedrasining mudiri, institut xotin – qizlar Kengashining raisasi Ismoilova Zuhra Karabayevnaning alohida o‘rni bor. U 1961-yil 20-aprelda Sirdaryo viloyati, Sirdaryo tumanida ishchi oilasida tug’ilgan. 1984-yili hozirgi kunda o’zlari faoliyat yuritayotgan institutning Injener- pedagog mutaxasisligini tugatgan. Mehnat faoliyatini 1985- yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash institutida boshlab, “Pedagogika va o’qitish metodikasi” kafedrasida laborant, assistent, katta o’qituvchi, dotsent, professor, kafedra mudiri, Akademik litsey va kasb –hunar kollejlari bo’yicha prorektor lavozimlarida ishladi. Umrini ilmga bag’ishlagan Zuhra Ismoilova 2000-yil “ Kasb hunar ta’limi nazariyasi va metodikasi ‘’ ixtisosligi bo’yicha “Texnika oliy ta’lim muassasalarida talabalarning kasbiy malakalarini shakllantirish” mavzusida nomzodlik, 2007-yilda “Tarbiya nazariyasi va metodikasi” ixtisosligi bo’yicha “Ma’naviy –axloqiy tarbiyaning nazariy va eksperimental metodik asoslari” mavzusida doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildi. Shuningdek, rahbarlik va pedagogik faoliyati davrlarida kafedra va akademik litsey , kasb - hunar kollejlarini rivojlantirish, o’quv –tarbiya jarayonini takomillashtirish , dars sifati samaradorligini oshirish, bitiruvchilar bandligini ta’minlash, o’quv – uslubiy va moddiy texnik ta’minotlarni boyitishda o’z maslahatlari bilan katta hissa qo’shib kelgan. Yana faoliyati davomida 3 ta darslik, 7 ta o’quv qo’llanma, 3ta monografiya, 50 ga yaqin uslubiy ishlanma va risolalar, 300 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar, shundan 20 dan ortiq xorijiy ilmiy jurnallarda chop etilgan bo’lib , Respublika oliy va o’rta maxsus ta’lim muassasalarida o’quv –tarbiya jarayonida foydalanib kelinmoqda.
Taraqqiyotning qiymati yangilanish va takomillashuvda degan fikrga muvofiq Zuhra Karabayevna o’z malakasini soha yo’nalishlari borasida tobora oshirib bormoqda. Ulardan faoliyati jarayonida “Ustoz” jamg’armasi tomonidan AQSh ning Nyu- York shtatidagi Nyu-Palts universitetida tashkil etilgan malaka oshirish kursini, TASSIS Markazi tomonidan tashkil etilgan “Zamonaviy ta’lim texnologiyalari” kurslarida malakasini oshirgan shu bilan birga GTS loyihasi asosida mintaqaviy tashkil etilgan seminar- treningda moderator sifatida, USCHOOL “Building people to bild Nations” programmasi, Kasb - hunar ta’limi tizimini innovatsion rivojlantirish, pedagog kadrlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash institutida moderatorlik, Bosh ilmiy metodik Markazida “Ta’limda menejment” yo’nalishi bo’yicha doimiy malakasini oshirib kelgan. Ular jamiyatda pedagog, rahbar bo’lishi bilan birga oilada ona, suyukli yor hamdir. Bir og’il va ikki qizning mehribon onasi, yetti nafar nabiraning sevimli buvisidir. Turmush o’rtog’i T.N.Ismoilov mutaxassisligi bo’yicha injener-mexanik. Har qanday mehnat javobsiz qolmaydi deganlaridek, Zuhra Karabayevna institut va boshqa jamoat ishlaridagi, pedagogik faoliyati, jamoatdagi mehnatlari uchun bir necha bor shahar, tuman hokimyati, O’zbekiston xotin-qizlar qo’mitasi tomonidan Faxriy yorliqlar sovrindori bo’lgan. va shuning bilan birga o’zining bilimdonligi, faolligi, tashkilotchiligi,o’z kasbiga fidoyiligi hurmatini jamoada va biriktirilgan mahallalarda ko’rsata olgan rahbarlardan biri sifatida O’zbekiston qishloq va suv xo’jaligi vazirligi tomonidan “O’zbekiston mustaqilligining 20 yilligi” va “O’zbekiston mustaqilligining 25 yiligi munosabati bilan “Mo’tabar ayol “ ko’krak nishoni bilan taqdirlangan. Zuhra Ismoilova ham oilada, ham jamiyatda o’z o’rniga ega va bugungi kundagi qizlarga o’rnak bo’luvchi , umrining har lahzasidan mazmunli foydalana oladigan irodali ayoldir. Biz ustozni, olima va muallima ayolni yana bir bor shukrona ayyomi bilan chin dildan qutlab, sihhat-salomatlik, oilasi, kasbdoshlari va shogirdlari baxtiga doimo omon bo‘lishlarini tilab qolamiz.
TIQXMMI matbuot xizmati