Hamkorlik seminar dasturlari
So‘nggi paytlarda, suv tanqisligi muammosi yanada dolzarb masalaga aylanib qolmoqda. Suv tanqisligi masalasini yumshatish maqsadida, O‘zbekistonda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan suv tejamkor texnologiyalari va ularni qo‘llashning afzalliklari haqida fermerlarga ma’lumotlar berish maqsadida xalqaro hamkorlik (AgroMart.Uz veb-portal) doirasida 2019 yil 18 iyul kuni Samarqand viloyatida “Suv tejamkor texnologiyalar va dalalarda qo‘llashning afzalliklari” va 2019 yil 20 iyul kuni Xorazm viloyatida “Agrotexnik tadbirlarning yuqori hosil olishda tutgan o‘rni” mavzularida “Irrigatsiya va melioratsiya” kafedrasi dotsenti, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori B.Matyakubov o‘quv seminar dasturini o‘tkazdi. Seminar dasturi ikki qismdan iborat bo‘lib, nazariy va amaliy tomondan o‘tkazildi, hamda Feysbukdagi sahifalarga to‘g‘ridan - to‘g‘ri jonli efirda uzatiladi.
Seminar qatnashchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining: 2017 yil 27 noyabrdagi “2018-2019 yillarda irrigatsiyani rivojlantirish va sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash Davlat dasturi” to‘g‘risidagi PQ-3405-sonli qarori, 2018 yil 27 dekabrdagi “Paxta xom ashyosini yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyalaridan keng foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi PQ-4087-sonli qarori va 2019 yil 17 iyundagi “Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi PF-5742-sonli farmonining asosiy mohiyati to‘liq tushuntirib berildi.
Seminarda, so‘nggi paytlarda, fermerlar tomonidan joylarda kuzatilayotgan suv tanqisligi muammosi va uni bartaraf qilish, xamda O‘zbekistonda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan suv tejamkor texnologiyalar va ularni qo‘llashning asosiy afzallik tamoiyllari haqida ma’lumotlar berib o‘tildi. Paxtachilik-chorvachilik hamda bog‘dorchilik va donchilik sohasida faoliyat yuritayotgan fermerlarga qishloq xo‘jalik ekinlarini sug‘orish, suv tejovchi texnologiyalarni dalada qo‘llash hamda ekinlar agrotexnikasi va qishloq xo‘jalik ekinlaridan yuqori hosil olish yo‘llari bo‘yicha maslahatlar berildi.
Shu bilan bir qatorda, xozirgi kunda respublikadagi fermer xo‘jaliklarida intensiv bog‘lar yaratishda qo‘llanilishi kerak bo‘lgan agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri amalga oshirish va suv tejamkor sug‘orish texnologiyalarini qo‘llash orqali yuqori xosil olishga erishish mukinligi ilmiy tomondan asoslangan xolda maslahatlar berib o‘tildi. Seminarni o‘tkazish bilan bir qatorda Samarqand viloyatidagi tarixiy obidalarga tashrif qilindi, jumladan “Registon” maydoni, “Bibixonim” maqbarasi, “Shohi Zinda” maqbarasi va birinchi Prezidentimiz Islom Karimov maqbaralari ziyorat qilindi.
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov