Suv sohasidagi samarali seminar

Har bir davrning o‘z muammolari bo‘lishi tabiiy. Uni hamkorlik va hamjihatlikda hal etish, oqilona va odilona yechim topish jahonshumul mohiyatga ega. Bugungi kunda suv resurslari, ularni barqaror boshqarish hamda ulardan samarali foydalanishga erishish - suv, oziq-ovqat, energetik va ekologik xavfsizlikning hal qiluvchi omillaridan biri sifatida mintaqaning barqaror taraqqiyotida markaziy o‘rinlardan birini egallaydi.

Suv resurslari bilan bog‘liq muammolarning aksariyat qismi transchegaraviy xarakterga ega ekanligini e’tiborga olsak, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlik nafakat mintaqaning barqaror taraqqiyoti balki mintaqadagi har bir mamlakatning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish strategiyasi va dasturlarini samarali amalga oshirishga sezilarli darajada ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Xuddi shu ijtimoiy-iqtisodiy, transchegaraviy ehtiyojni nazarda tutgan holda, joriy yilning 20 - 22 noyabr kunlari Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida YUNESKO bilan birgalikda “Markaziy Osiyoda suv sohasida hamkorlik" mavzusida yuqori darajadagi mintaqaviy seminar-trening o‘tkazilayotgani bejiz emas.

O‘zbekistonda iqtisodiy taraqqiyotning barcha yo‘nalishlarida bo‘lgani kabi suv xo‘jaligi boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha ham keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bugun mamlakatda suv resurslarini boshqarish masalalarida davlatlararo va milliy darajalarda katta ijobiy natijalarga erishildi. Shu bilan birga, ayniqsa mintaqaning o‘ziga xos tabiiy xo‘jalik va yangi realliklari sharoitida umumiy va cheklangan suv resurslarini barqaror boshqarish va ulardan samarali foydalanish masalalarida o‘zaro hamkorlik imkoniyatlaridan to‘la foydalanishga erishish doimiy e’tiborni va takomillashtirishni zaruriyatini taqozo etadi.

Ushbu masalada nafaqat bugun mavjud bo‘lgan, balki kelgusida paydo bo‘lishi ehtimoli bo‘lgan suv bilan bog‘liq bahs-munozarali masalalarni birgalikda hal etish bo‘yicha mintaqadagi mavjud saloxiyatni doimiy oshirib borish dolzarb masaladir. Aynan shu jihatdan, tashkil etilgan mintaqaviy seminar-trening muhim e’tiborga molik.

Mazkur tadbirning ahamiyati va uning dasturiga kiritilgan masalalarning muhimligi, seminar-treningning ochilish umummajlisida qatnashib, uning ishiga muvaffaqiyat tilagan institut rektori professor O‘ktam Umurzoqov, YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Mariya del Pilar Alvares Laso xonim, Shveysariyaning O‘zbekiston Respublikasidagi elchisi janob Olive Shavelar, O‘zbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Aslon Mavlonov va boshqalar tomonidan alohida e’tirof etildi.

Suv resurslari bilan bog‘liq turli sohalarning yuqori malakali mutaxassislari va rahbar xodimlari hamda soha oliy ta’limi vakillari uchun mo‘ljallangan mazkur seminar-treningni tashkil etishdan maqsad jahondagi ilg‘or tajribalar tahlili asosida tinglovchilarning malakalari va ko‘nikmalarini:

- umumiy suv resurslarini birgalikda boshqarish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va barqaror davom ettirish;

- bahs-munozarali vaziyatlarni birgalikda tahlil qilish hamda ularning yechimini topish bo‘yicha muzokaralarga kirishishning samarali usullari va mexanizmlarini o‘rganish;

- suv diplomatiyasi sohasida salohiyatni rivojlantirish, muzokaralarni olib borish va bahsli-munozarali vaziyatning yechimini topishning muqobil usullarini qo‘llash bo‘yicha malaka hosil qilish va oshirishni hamda ular o‘rtasida fikr va tajriba almashish imkoniyatlarini yaratishni o‘z ichiga oladi.

Mintaqaviy seminar-treningni xalqaro nufuzga ega bo‘lgan ekspertlar: AQShning Oregon shtati universiteti professori A. Vulf, shu universitetdagi "Suv resurslari va suv havzalari" institutining direktori doktor T.Djarvis va Shveysariyaning Jeneva universitetidagi "Suv ta’limi va bilimlari" markazi direktori doktor K. Bretaut olib bormoqdalar.

Seminar-trening dasturi ikki qismdan iborat. Birinchi qism 20-21 noyabr kunlari bo‘lib o‘tdi va unda turli o‘yinli mashqlar, umumiy va xususiy manfaatlar va muammolarni guruhlarda muhokama qilish kabi vositalar yordamida qatnashchilarda muzokaralarni olib borish ko‘nikmalari rivojlantirildi. 22 noyabr kuni o‘tkaziladigan ikkinchi qismda esa dastur asosida qatnashchilar e’tibori suv masalalarida dialogni hamda hamkorlikni kengaytirish imkonini beruvchi usullarga qaratilishi ko‘zda tutilgan.

Malaka oshirish jarayonida turli mamlakatlardan kelgan tinglovchilar aralash tuzilgan kichik jamoalar tarkibida o‘yinli mashqlarda ishtirok etish orqali "hamkorlik shartnomalari" doirasidagi o‘zaro foydali bandlarni shakllantirish hamda gipotetik suv manbasini hamkorlikda boshqarish prinsiplarini o‘rganishadi. Ayni paytda ishlab chiqish mashqlarini bajarish orqali o‘z ko‘nikmalarini oshirishlari ham ko‘zda tutilgan.

 

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov