Ikki tilda gaplashuvchi bir xalqmiz
O‘z chiqishlaridan birida o‘zbek va tojik xalqlarining do‘stligi va qardoshligi haqida gapira turib, yuqoridagi fikrni aytgandi Birinchi prezidentimiz I. Karimov. Bu esa har tomonlama hamkorlikka da’vatdir. Ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yishimiz davr taqozosi. Tojikistonning oliy darajadagi mehmonlaridan institutimiz bilan hamkorlik taklifini qo‘llab quvvatlash muhimdir. Tojikiston Respublikasi "Yer resurslarini boshqarish va geodeziya" qo‘mitasi raisi Xodjazoda Orif Ashuri, “Ko‘chmas mulkni ro‘yxatga olish” DUK direktori Umariyon Raxmon Fakerzoda, “Kartografik fabrika” DUK direktori Xusanov Xuseyn Sharifovich, Davlat yer kadastri bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirzo Nazar, «Sug‘d zamin sod» DUK direktori Xayotov Abdurasul, Topografiya, aerosurat va kartografiya bo‘limi bosh mutaxassisi Xidirov Mehmondust Bobonazarovich, «Fazo» ilmiy loyihalash instituti bosh muhandisi Kurbonzoda Fotexlardan iborat delegatsiya institutimizga tashrif buyurdi.
TIQXMMI rektori, prof. O‘.Umurzakov Tojikistonlik mehmonlarni qutladi. Dastavval, institut haqida qisqacha rolik namoyish etildi. So‘ngra institut rahbariyati bilan tanishtirilgandan so‘ng institutning o‘quv va ilmiy faoliyati, shuningdek, institutda ta’lim olayotgan tojikistonlik talabalar to‘g‘risida ma’lumot berildi. O‘zbekistonda beriladigan diplom va uni Tojikistonda qabul qilish shartlari haqida ma’lumot almashildi. O‘zaro ming yillik milliy qadriyatlarimiz va madaniyatimizning yaqinligi va o‘xshashliligi hamkorlikda oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlashda yaxshi zamin bo‘lishi ta’kidlab o‘tildi. TIQXMMI tojikistonlik talabalar uchun imtiyozli shartnoma asosida o‘qishi va shart-sharoitlarni yaratib berishga doim tayyorligi ta’kidlandi. Har ikkala tomon do‘stona tarzda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zaruriyatini his etishdi.
Institut matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov