Malakali kadr - yurt iqboli

Iqbol istiqlolga mazmun baxsh etadigan istiqboldir. Ona yurt kelajagi bilim, malaka va tajriba orqali erishiladigan yutuqlarga bois bo‘lsa, ilm va amaliyotga e’tibor yuqori darajada bo‘lishi tabiiydir. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlaridan bir guruh vakillar, jumladan, TIQXMMI "Qishloq va suv xo‘jaligi energiya ta’minoti" fakulteti dekani Isaqov Abdusaid Jalilovich 2019 yil 14 oktyabrdan 18 noyabrgacha bo‘lgan muddatda Moskva shahridagi K.A.Timiryazev nomidagi MQXA - Rossiya davlat agrar universitetida malaka oshirib qaytdi. O‘zbekiston va Rossiya rektorlarining forumi rezolyusiyasi doirasida TIQXMMI hamda K.A.Timiryazev nomidagi MQXA - Rossiya davlat agrar universiteti o‘rtasida imzolangan akademik hamkorlik shartnomasi bunga asos bo‘ldi.

Malaka oshirishning asosiy vazifalaridan biri mamlakatimiz iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani rivojlantirish, innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarishda qo‘llash, sohani rivojlantirish bo‘yicha g‘oya va fikrlarni shakllantirish, ta’lim sifatini oshirish va uni tashkil etish jarayonini takomillashtirish masalalari bo‘yicha bilimlarga ega bo‘lish etib belgilangan. Malaka oshirish dasturi doirasida oliy ta’lim muassasalarining xalqaro reytingdagi o‘rni va bunda amalga oshirish kerak bo‘lgan ilmiy va o‘quv-uslubiy ishlar bo‘yicha o‘zaro hamkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish istiqbollari to‘g‘risida muloqotlar o‘tkazildi.

Institut matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov