Xalqaro anjuman o‘z ishini boshladi
Bugun institutimizda tashkil etilgan “Agrosanoat majmuasi uchun fan, ta’lim va innovatsiya, muammolar va istiqbollar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman muhim masalalarga daxldorligi bilan ahamiyatli bo‘ldi. Konferensiyaning ochilish tadbirini institut rektori, professor O‘. Umurzakov boshqarib bordilar. Respublikamizda katta nufuzga ega bo‘lgan soha mutaxassislari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi. So‘nggi yillarda mamlakatimiz iqtisodiyoti va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan isloh qilish va jadal rivojlantirish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan choralar ko‘rilmoqda. Muhtaram Prezidentimiz tomonidan mamlakatimiz taraqqiyotini belgilashda barcha sohalarda jadallik bilan uzoq 2030 yillarga mo‘ljallangan strategik yo‘nalishlarini belgilab berdilar va bu borada izchillik bilan ishlar olib borilmoqda. Ma’lumki oldimizda agrar sektorni texnikalar bilan ta’minlashning barqaror tizimini yaratish, qishloq xo‘jaligi texnikalariga texnik servis ko‘rsatish hamda ilm-fan bilan ishlab chiqarishni uyg‘unlashtirish kabi kechiktirib bo‘lmaydigan muhim vazifalar turibdi.
Bu borada qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqaruvchi korxonalarni modernizatsiya qilish va ularning mahsulotlari mahalliylashtirish hamda qishloq xo‘jaligi mashinasozligi sohasida tayyorlanayotgan oliy malakali muxandis texnik kadrlarni salohiyati muhim ahamiyat kasb etadi. Albatta, masalalarning yechimi birinchi navbatda bugungi kunda tayyorlanadigan kadrlarning salohiyatiga bog‘liq. Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi mashinasozligi korxonalari ishlab chiqarishida malakali texnolog va konstruktor kadrlar tanqisligi yuzaga keldi. Tabiiyki, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi korxonalari va tayanch oliy ta’lim muassasalari orasida qandaydir bo‘shliq paydo bo‘lib qolgandi.
Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 31 iyuldagi PQ-4410 sonli “Qishloq xo‘jaligi mashinasozligini jadal rivojlantirish, agrar sektorni qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlashni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga oid chora tadbirlar to‘g‘risidagi” qarori qabul qilindi. Aynan mazkur qaror tayanch oliy ta’lim muassasalari va qishloq xo‘jaligi mashinasozligi korxonalari o‘rtasida ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkam bog‘lovchi zvenoga aylandi va o‘z navbatida qishloq xo‘jaligi sohasida texnikalarni ishlab chiqarish va kadrlar tayyorlashdagi bugungi kun muammolarini hal qilishga yo‘naltirilgan qaror bo‘ldi .
Shuningdek, mazkur qaror talablaridan kelib chiqib, «O‘zagrotexsanoatxolding» aksionerlik jamiyati tarkibiy tuzilmasiga kiruvchi “Uz CLAAS Agro” va “Amkodor agrotexmash” qo‘shma korxonalarida institutimizning “Traktorlar va avtomobillar”, “Qishloq xo‘jaligi mashinalari” va “Gidromelioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash” kafedralari filiallari tashkil etildi. Bundan tashqari, “John Deere”, “Case-NewHolland” va “Rostselmash” qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqaruvchi korxonalari bilan ham hamkorlik o‘rnatildi va ularning har birlarini maxsus auditoriyalari institutimizda tashkil qilindi va yuqori darajada jihozlandi.. «O‘zagrotexsanoatxolding» aksionerlik jamiyati tomonidan institutimiz o‘quv jarayonida foydalanish uchun 1 ta paxta terish mashinasi, 2 ta traktor va yana 1dona traktor pritseplarini taqdim etilishi, ta’lim sifatini yanada oshirishga muhim omil bo‘ldi desak xato bo‘lmaydi.
Albatta o‘quv jarayonini ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikda tashkil etilishi, soha bo‘yicha tayyorlanayotgan kadrlarning sifatiga ijobiy samarasini ko‘rsatishi muqarrardir. Demak, bugungi kunda 10 ta ta’lim sohasi bo‘yicha kadr tayyorlanayotgan bo‘lsa, barcha tarmoqlar korxonalari bilan xuddi shu tizimni yaratish zarur. Fan-ta’lim va ishlab chiqarishning o‘zaro hamkorligi va integratsiyasini yanada kuchaytirish bo‘yicha institutimiz professor-o‘qituvchilarining faoliyati yanada rivojlanib boradi. Ular o‘zlarining ilmiy-tadqiqot faoliyatlarini respublikamizning qator yirik korxona va tashkilotlari bilan innovatsion hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali yechimini kutayotgan dolzarb muammolarni aniqlash va hal qilishga qaratilgan yo‘nalishlarda ilmiy izlanishlar olib boradilar.
Bugungi anjuman 8 ta sho‘bada o‘z ishini boshlab yubordi.
- Qishloq va suv xo‘jaligi uchun innovatsion texnika va texnologiyalarni yaratish va tadbiq etish muammolari
- Qishloq va suv xo‘jaligida mashinalardan foydalanish samaradorligini oshirish masalalari
- Qishloq va suv xo‘jaligida ishlab chiqarish jarayonlarni elektrlashtirish, avtomatlashtirish va energiya ta’minoti dolzarb masalalari
- Melioratsiya yutuqlari va gidrotexnika inshoatlaridan samarali foydalanish masalalari
- Qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarishda yangi materiallar va texnologiyalar, rivojlanish istiqbollari masalalari
- ASMda qayta tiklanuvchi energiya manbalari va foydalanish texnologiyalarini rivojlantirish muammolari
- Yer-suv resurslaridan samarali foydalanish va ularni boshqarish masalalari
- Agrosanoat majmuasi (ASM) uchun raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash masalalari
Anjumanga 270 ga yaqin ilmiy maqolalar kelib tushgan. Shuningdek, mazkur anjumani uchun taqdim etilgan ishlarda 50 dan ortiq ilmiy maqolalar Rossiya federatsiyasi, Belorusiya, Qozog‘iston Respublikasining olimlari tomonidan taqdim etildi. Aynan, bugungi ilmiy anjumanda yillar davomida olib borilgan ilmiy-tadqiqot natijalari muhokama etiladi va zaruriy tavsiyalar berilishiga ishonchimiz komil.
Institut Matbuot xizmati rahbari R.Jumaniyozov