22 mart – Butunjahon suv kuni

Bugungi kunga kelib suv resurslarini ratsional boshqarish va ulardan samarali foydalanishni ta’minlash – dunyoda butun boshli mintaqalar va mamlakatlarning barqaror iqtisodiy taraqqiyotida hal qiluvchi ahamiyat kasb etuvchi masalalardan biriga aylandi. Suv resurslariga bo‘lgan talab ortayotganligi bilan birga, suvning taqchilligi ham yildan yilga oshib bormoqda. 1992 yilda Rio De Janeyroda o‘kazilgan BMTning «Atrof muhit va rivojlanish» konferensiyasida butunjahonda suv resurslari kunini nishonlash taklifi bildirilgan edi. BMT Bosh assambleyasi 1993 yili 22 fevralida 47/193 sonli rezolyusiyani imzoladi va 22 mart kunini “Butunjahon suv kuni” deb e’lon qildi. 

Ushbu kun jamoatchilikning e’tiborini suv ob’ektlarining bugungi holatiga va ularni qayta tiklash va muhofaza qilish bilan bog‘liq masalalarga jalb qilishga, yer yuzidagi har bir inson hayotidagi suvning tutgan o‘rni haqida mulohaza qilishga, ichimlik suvining yetishmovchiligi bilan bog‘liq muammolarga e’tibor qaratishga, suv resurslaridan oqilona foydalanish va ularni asrab-avaylashning muhimligiga, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash bilan bog‘liq muammolarning yechimini topish uchun tegishli choralarni ko‘rishga qaratilgan. 2018 yilgi Butunjahon suv kunining asosiy mavzusi –“Suv resurslarini barqaror boshqarishdagi yangi innovatsion yondashuvlar”.

Har yili “Butunjahon suv kuni” ma’lum bir shior ostida nishonlanadi. Ushbu kun 2016 yilda  “Suv va kasblar”, 2017 yilda “Oqova suvlar” shiori ostida nishonlangan bo‘lsa, 2018 yilda “Tabiat suv uchun” (Nature for Water) shiori ostida nishonlanishi belgilandi.

Shu munosabat bilan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida bu yilgi shiordan kelib chiqqan holda OTM talabalari uchun eng yaxshi fotosuratlar ko‘rgazmasi, eng yaxshi jamoa,  eng yaxshi kulgi munozaralari (Somedy battle), nominatsiyalari bo‘yicha tanlov e’lon qilinib, 3 kun davomida turli tashkilotlarni jalb etgan holda keng qamrovli tadbirlar o‘tkazildi. 14-16 mart kunlari bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirlarda asosiy e’tibor yoshlarning suvdan oqilona va samarali foydalanishdagi tutgan o‘rniga qaratilgan bo‘lib, tanlov doirasida suv resurslarini boshqarish va mamlakatimizni barqaror rivojlantirish masalalari bo‘yicha OTMlardan Toshkent Davlat Agrar universitetining Nukus filiali, Navoiy Davlat konchilik instituti, Jizzax politexnika instituti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti talabalari o‘rtasida munozaralar o‘tkazildi. Jumladan, 

 2018 yil 14 mart kuni “Barqaror rivojlanish yo‘lida suv resurslaridan foydalanishning innovatsion usullari” mavzuidagi fotosuratlar ko‘rgazmasi hamda kunning ikkinchi yarmida «O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda innovatsiyaning suv xo‘jaligidagi o‘rni» mavzuidagi munozaralar o‘z ishini olib bordi.

2018 yil 15 mart tadbirning ikkinchi kuni oliy ta’lim muassasalari talabalari “Suvni asraylik!” mavzuidagi videoroliklar, prezentatsiyalar, xazil – mutoyibalar bo‘yicha tanlovda ishtirok etishdi. Bunda tanlov g‘oliblari fahriy yorliqlar va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

 Butunjahon suv kunini nishonlash doirasidagi so‘nggi kun 16 martda “Suvni tejash bo‘yicha innovatsion yondashuvlar va texnologiyalar” mavzuidagi ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

3 kun davomida bo‘lib o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi rahbariyati, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti professor – o‘qituvchilari va talabalari, tanlov ishtirokchilari, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi, Germaniyaning O‘zbekistondagi Xalqaro hamkorlik bo‘yicha tashkiloti (GIZ) va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari ishtirok etdilar.