Iste’dodlilarni izlab
O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Xususan, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida «Quvnoqlar va zukkolar» ko‘rik-tanlovini an’anaviy ravishda o‘tkazib borilishi yo‘lga qo‘yilgan. 2021-yil 19-mart sanasi institutimiz talabalari uchun yana bir ajoyib kun sifatida muhrlandi. Sababi institut «Madaniyat saroyi»da bir necha yillardan beri o‘tkazilib, o‘z safiga minglab yoshlarni chorlagan «QUVNOQLAR VA ZUKKOLAR» ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi. Tanlovda barcha fakultetlardan jamoalar yangi tarkib, yangi iqtidorlar bilan o‘z chiqishlarini namoyish qildi.
Jumladan, "Suv xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish" fakultetining «Pozitiv», "Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash" fakultetining «Sarmoyachi», "Qishloq va suv xo‘jaligi energiya ta’minoti" fakultetining «Kokteyl», "Gidromelioratsiya" fakultetining «Noiloj», "Gidrotexnika" fakultetining «Gidrol ayf», "Gidromeliorativ ishlarni mexanizatsiyalash" fakultetining «Original», "Yer resurslarini boshqarish" fakultetining «Tavakkal» jamoalari ishtirok etishdi.
Tanlov yakunlariga ko‘ra yaqqol g‘olib deb «Kokteyl» jamoasi e’tirof etildi. 2-o‘rin «Sarmoyachi» jamoasi shovvozlariga nasib qildi va 3-o‘rinni «Noiloj» jamoasi qo‘lga kiritdi. Tanlovda faol ishtirok etgan va eng sho‘x yigit, eng sho‘x qiz nominatsiyalari bo‘yicha g‘olib bo‘lgan talabalar qimmatbaho sovg‘alar va dipomlar bilan taqdirlandi. Bu yilgi ko‘rik-tanlovimiz g‘oliblari ko‘chma kubok va qimmatbaho sovg‘alar va maxsus sertifikatlar bilan taqdirlandi. Jamoalardagi yangicha yondashish va ishtiyoq institutga taklif etilgan mehmonlarda ham qiziqish uyg‘otdi va yoshlarga o‘z tavsiyalarini berib o‘tishdi. Tanlovni tomosha qilish uchun institutimiz professor o‘qituvchilari hamda talabari, shuningdek, poytaxtimizning boshqa oliy ta’lim dargohlari talabalari hamda "Bravo" jamoasining yetakchilari ham tashrif buyurishdi.
Bu tanlovning o‘tkazilishidan maqsad qaysi fakultet jamoasi oldinda ekanligini aniqlash emas, aksincha institutimiz yengilmas «TARG‘IBOT» jamoasiga yangi a’zolarni to‘plashdan iborat edi. Inson ajib bir xilqat, har bir insonning alohida iste’dodi, qiziqishi va intilishi bo‘ladi. Agar sizda ham shunday qobiliyatlardan bor bo‘lsa, biz sizni «SAFIMIZGA ChORLAYMIZ!!!»
TIQXMMI matbuot xizmati