“Аtrof-muhit va resurslar iqtisodiyoti” mavzusida modul kurs
Iqlim oʼzgarishi, qurgʼoqchilik, suv va yer resurslarining ifloslanishi, ichimlik suvi tanqisligi va shunga oʼxshash boshqa muammolar bugungi kunda nafaqat Oʼzbekiston uchun balki, butun jahon oldida turgan dolzarb muammolar hisoblanadi. Ushbu muammolarni bartaraf yetish uchun yer yuzida yashab turgan har bir shaxs masʼuldir.
Joriy yilning 9, 11, 16, va 18 mart kunlari Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʼjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining talaba-magistrlari, yosh olim va tadqiqotchilarining atrof-muhit iqtisodiyoti toʼgʼrisidagi bilim va koʼnikmalarini yanada mustahkamlash maqsadida SUSADICA loyihasi tomonidan “Аtrof-muhit va resurslar iqtisodiyoti” mavzusida modul kurs tashkil etildi. Dastlab, ushbu modul kursda ishtirok etish istagida boʼlgan talaba-magistr va yosh olimlarni aniqlash uchun onlayn soʼrovnoma tashkil etildi. Kelib tushgan arizalar va belgilangan talablar boʼyicha 17 nafar tadqiqodchilar saralab olindi.
Ushbu kurs atrof-muhit iqtisodiyoti yoʼnalishida chuqur bilim va amaliy tajribaga ega boʼlgan Germaniyaning Gissen universiteti doktori Maykl Xubler tomonidan olib borildi. Onlayn tashkil etilgan kurs davomida professor mavzuni atroflicha, hayotiy misollar bilan yoritib berdi. Shuningdek, mavzu doirasida tayyorlagan video darslar va taqdimotlarini talabalarga taqdim etildi. Interaktiv shaklda tashkil etilgan lektsiyalarda yosh tadqiqotchilar oʼzlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi. Professor tomonidan berilgan mavzu doirasida vazifalarini oʼz vaqtida bajarib amaliy koʼnikmalarini yanada boyitishdi.
Kurs yakunida professor Maykl Xubler tomonidan ishtirokchilarga odindan tayyorlangan mavzular yoki oʼzlarining mavzulari boʼyicha ilmiy asoslangan essay yozish vazifasi berildi. 19 mart kuni SUSADICA loyihasining majlislar zalida essay yozish boʼyicha loyiha koordinatori N.Muxamedova tomonidan ishtirokchilarga konsultatsiya oʼtib berildi. Essaylarni topshirish muddati belgilab olindi. Ishtirokchilar tomonidan yozilgan essaylar natijalariga koʼra SUSADICA loyihasi tomonidan sertifikatlar topshiriladi.
TIQXMMI matbuot xizmati