ILMIY-AMALIY ANJUMAN

"Har qanday mamlakatning, tuzum va tizimning qiyofatini o‘sha jamiyatning ayollariga bo‘lgan munosabatidan bilib olish mumkin." Buyuk mutafakkirlardan birining haqli e’tirofi bu. Bizning jamiyatda erkaklar bilan bir safda turib xalq xo‘jaligining barcha jabhalarida, hatto, siyosiy jarayonda, boshqaruv tizimida xotin-qizlarning o‘rni alohida ahamiyat kasb etayotgani sir emas. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning qator ma’ruza va chiqishlarida, hukumat qonun va qarorlarida xotin-qizlarning ijtimoiy hayotdagi faoliyatiga e’tibor yuksak darajada bo‘lib kelmoqda. Hatto, davlatimiz rahbarining ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ilgari surgan 5 ta muhim tashabbusida ham bu masala alohida o‘rin tutgan. Jumladan, Beshinchi tashabbusning xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash masalalariga bag‘ishlangani bejiz emas. 

Bugun institutimizda ikki kunga mo‘ljallab, ya’ni 23-24 may kunlari tashkil etilayotgan “Qishloq va suv xo‘jaligi sohasi uchun kadrlarni tayyorlashda xotin-qizlarning roli” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani ham yuqorida e’tirof etilgan hukumat hujjatlarining ijrosi sifatida e’tiborga molik. Shuni ham ta’kidlash joizki, ilmiy va ilmiy texnik anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017- yil 7-fevraldagi “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi PF- 4947-son Farmoni asosida belgilangan asosiy vazifalarni mantiqiy davom ettirish, 2018 yil 2 fevraldagi PF-5325-sonli “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda Vazirlar mahkamasining 2019-yil 25-fevraldagi 133-f-sonli farmoyishi ijrosini ta’minlash va “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da bajarilishi rejalashtirilgan vazifalarni amalga oshirishda xotin - qizlar faolligini ta’minlashga erishish maqsadiga yo‘naltirilgan.

Anjumandagi ilmiy ma’ruza hamda maqolalar ruhi qishloq va suv xo‘jaligi sohasi uchun muhandis-texnik kadrlar tayyorlashda ayollarning roli, ta’lim-tarbiya sohasida xotin-qizlarning o‘z qobiliyatlari va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishning shart-sharoitlari, Davlat va jamiyat boshqaruvi hamda iqtisodiyot tarmoqlarida xotin-qizlarning o‘rni va ularni qo‘llab-quvvatlashning dolzarb masalalari, xotin-qizlarning intellektual salohiyatlarini yuksaltirishning zamonaviy muammolari, qizlarni sog‘lom turmush tarzi va oila qurishga tayyorlashning dolzarb masalalari, ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirishda tadqiqotchi xotin-qizlarning tutgan o‘rni kabi muammolarni o‘z ichiga qamrab oladi.

 

Ilmiy anjumanning aziz hamda hurmatli ishtirokchilari va tashkilotchilari, shuni yodda tutingki, faqat ilmgina insoniyatning yo‘lini yoritadi, ulug‘ va qutlug‘ ishlarga safarbar etadi. Ilm-fanning rivojisiz mamlakat taraqqiyotini tasavvur etish qiyin. Uning ravnaqi orqaligina innovatsion ixtirolarni, investitsion faoliyatning mazmun-mohiyatini his etish mumkin. Shuning uchun ham deyarlik har oyda xorijiy davlatlarning mutaxassislari ishtirokida o‘zaro hamkorlik va tajriba almashish zamiriga qurilgan fan va ta’limning turli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazib kelinayotgan Xalqaro konferensiyalardan ham ko‘zlangan maqsad - aslida shudir.

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov