Sifatli ta’lim - samarali natija
Prezidentimiz rahnamoligida olib borilayotgan ta’lim to‘g‘risidagi islohotlar yurtimizning istiqboli, kelajak avlodning innovatsion faoliyati bilan bevosita bog‘liq. Ta’lim sifatini belgilaydigan muhim omillardan biri pedagogning zamonaviy bilimga, intellektual salohiyatga ega bo‘lishi va axborot kompyuter texnologiyalarini, ta’lim metodlarini puxta o‘zlashtirishi bo‘lsa, ikkinchisi uning kommunikativ kompetensiyasidir.
Ma’lumki, kommunikativ kompetensiyaning tayanchlaridan biri lingvistik, nutqiy kompetensiyadir. Ko‘p bilimga ega bo‘lish bir tomon bo‘lsa, ikkinchi muhim jihat talaba ongu shuuriga fan mavzuini singdira olish layoqatidir. Bu esa psixolingvistikani chuqur bilish va amalda qo‘llay olish bilan izohlanadi. Davlat tili bayrami munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirlarning aksariyatida ana shu talab hukmronlik qildi.
Ustozimiz Rahimboy Jumaniyozov Namangan muhandislik texnologiya institutining rektori, senator Odiljon Mamatkarimov va “Tillar” kafedrasi jamoasining taklif va tashabbuslari bilan joriy yilning 20 oktyabr kuni Namanganda bo‘lib O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganligining 29 yilligi munosabati bilan “Til – millat qadri va dardi” ruknida “TIL TAKTIKASI – TARAQQIYOT STRATEGIYASINING INNOVATSION VA TA’SIRCHAN MEXANIZMI” hamda “PEDAGOGNING KOMMUNIKATIV KOMPETENSIYASI” mavzularida ma’ruza o‘qib qaytdilar. Tadbir professor-o‘qituvchilar va talabalarga bag‘oyat ma’qul bo‘lganligini anglash qiyin emas.
“Gumanitar fanlar” kafedrasining o‘qituvchisi Bahriddin Muqimov axboroti