“Aniq koordinatali qishloq xo‘jaligi va unda ma’lumotlarni qayta ishlash” kurslari bo‘yicha onlayn seminar
Bugungi kunda “aqlli qishloq xo‘jaligi”, “aniq dehqonchilik” kabi terminlar allaqachon hayotimizga kirib keldi. Bu zamonaviy texnologiyalar dehqonchilik va chorvachilikda mahsulot yetishtirishdagi xarajatlarni kamaytirish, hosildorlikni oshirish, qishloq xo‘jaligi yerlaridagi ekinlar holatini tezkor hamda aniq baholash, mexanizatorlar ish sharoitini yaxshilash imkonini beradi. Bu texnologiyalardan foydalanishda qishloq xo‘jaligi muhandislari malaka, bilim va amaliy ko‘nikmalariga alohida talablar qo‘yiladi. Institutda amalga oshirilayotgan “Xorijiy universitetlardagi innovatsion yechimlarni joriy etish orqali qishloq xo‘jaligida muhandis kadrlarni tayyorlash dasturlarini takomillashtirish” mavzusidagi loyihada xorijiy universitetlar o‘quv dasturlaridagi zamonaviy texnologiyalar bilan bog‘liq fanlarni o‘rganish va ularni o‘quv rejalarga kiritish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Loyiha doirasida 15-26 iyun kunlari AQShning Missisipi shtati universiteti professori Ganesh Bora ishtirokida WebEx platformasi orqali “Aniq koordinatali qishloq xo‘jaligi va unda ma’lumotlarni qayta ishlash” kurslari bo‘yicha onlayn seminar o‘tkazildi. Seminarda institut kafedralaridan 30dan ortiq professor-o‘qituvchilar, doktorantlar va magistrantlar ishtirok etishdi. Seminarda shuningdek O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti va Toshkent davlat agrar universiteti vakillari ham qatnashishdi. Seminarda hozirda AQShda keng qo‘llanilayotgan hosilni monitoring qilish tizimi, global navigatsiya va geografik informatsion tizimlar, masofadan zondlash kabi vositalar, zamonaviy datchiklar, avtomatik boshqaruv tizimlari, uchuvchisiz uchish apparatlaridan aniq koordinatali qishloq xo‘jaligida foydalanish va olingan ma’lumotlar bilan ishlash masalalari o‘rganildi. Onlayn tarzda o‘tgan seminar yakunida tomonlar aniq koordinatali qishloq xo‘jaligi sohasida kurslar uchun o‘quv materiallari yaratish bilan birga, shu sohada ilmiy loyihalarni amalga oshirishda ham hamkorlik qilishga kelishib olindi.
“Traktorlar va avtomobillar” kafedrasi axboroti
TIQXMMI matbuot xizmati